• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2023-08-11

ATMOSFERA HAVOSI HOLATI BO‘YICHA KUZATUVLAR O‘TKAZILMOQDA

topics-img

Inson salomatligiga zararli ta’sir ko‘rsatishi sababli atmosfera havosining ifloslanishi har doim tashvish uyg‘otgan. Havoning ifloslanishi inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, allergiya va nafas olish tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Aynan shuning uchun biz nafas olayotgan havoning sifatli bo‘lishi juda muhim. Deyarli har bir yirik shahar atmosferasida yuqori miqdorda ifloslantiruvchi moddalar kuzatiladi, ular ekotizim va aholi salomatligiga salbiy ta’sir etadi.

Atmosfera havosining sifat va miqdoriy tarkibi shakllanishida ham antropogen, ham tabiiy ifloslanish manbalari katta rol o‘ynaydi.

Xo‘jalik faoliyati natijasida energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni qayta ishlash kabi sohalarda havoga ifloslantiruvchi moddalar yoki kimyoviy birikmalar chiqariladi, ular turli kimyoviy reaksiyalarga kirishib, atmosferada ikkilamchi ifloslanishga olib keladi.

Urbanizatsiya (shaharlashish) jarayonlarining tezlashishi ham havo ifloslanishining kuchayishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bugun aholining yarmidan ko‘pi shaharlarda yashaydi, shaharlar bir tomondan ko‘pincha ifloslanish manbai bo‘lsa, boshqa tomondan, aynan shu yerda havo ifloslanishining oqibatlari ayniqsa kuchli seziladi.

Atmosfera tabiiy tarkibining inson faoliyati natijasida ro‘y bergan o‘zgarishlari havoning ifloslanishiga olib keladi, ushbu ifloslanish ko‘lamini faqat atmosfera havosini monitoring qilish yordamida aniqlash mumkin. Monitoringni tashkil qilish havo sifatini baholash, uning sifatini yaxshilash bo‘yicha samarali choralarni rejalashtirish uchun juda muhimdir.

Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi – atmosfera havosi ifloslanishining o‘tgan, hozirgi holatini baholash hamda kelajakdagi holatini prognozlash maqsadida ma’lumot beruvchi vaqt va makondagi doimiy uzoq davom etadigan kuzatuvlar tizimidir.

Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti аholi punktlari, turar-joy va jamoat binolarining rejalashtirish gigiyenasi laboratoriyasi xodimlari tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz shahri aholisi o‘rtasida tadqiqot ishi o‘tkazilmoqda. Tadqiqotning asosiy maqsadi Respublika hududidagi atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish va aholi salomatligi uchun xavflarni minimallashtirish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni ishlab chiqishdir.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee