• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2024-02-21

BACHADON BO‘YNI SARATONINI OLDINI OLISH BORASIDA OLIB BORILAYOTGAN ISHLAR

topics-img

Joriy yilning 21 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va Virussologiya ilmiy tadqiqot instituti tomonidan “Bachadon bo‘yni saratonini oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi,  Virusologiya ITI mutasaddi vakillari,  ginekolog va onkolog shifokorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadi va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Tug‘ish yoshidagi ayollar (18-45 yosh) orasida kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni har 100 ming nafar ayoldan 11 nafarida uchraydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoniga chalinish ko‘proq 35-55 yoshli ayollar orasida kuzatilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning so‘zlariga ko‘ra Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamda  Janubiy Koreyaning KOFIH fondi o‘rtasida tuzilgan hamkorlikdagi Memorandum asosida Toshkent shahrida 5 ta, Andijon viloyatida  2 ta, Samarqand viloyatining 4 ta oilaviy  poliklinikalarda bepul skrining o‘tkazildi. Ushbu skrining tekshiruvlari 30-49 yoshli ayollar orasida o‘tkazildi. Toshkent shahri, Andijon va Samarqand viloyatlarida jami 44258 nafar ayollar skriningdan o‘tkazildi va ulardan 338 nafarida bachadon bo‘yni saraton oldi kasalliklari aniqlandi. Bachadon bo‘yni saraton oldi kasalliklari aniqlangan barcha ayollarga davolanish uchun yuborildi va ular xalqaro standartlarga muvofiq kerakli davo muolajalarini olishmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ayollarga bachadon bo‘yni saratoniga chalinmasliklari uchun 25-49 yosh davrlarida har 3 yilda, 50-64 yosh davrlarida esa har 5 yilda skrining tekshiruvlaridan o‘tib turishlarini tavsiya etadi.

Qizlarni kelajakda bachadon bo‘yni saratoni kasalligidan saqlash uchun esa ularni 9-14 yosh davrida odam papilloma virusiga qarshi emlash tavsiya etiladi.

Odam papilloma viruslariga qarshi emlash orqali  bachadon bo‘yi saratoniga chalinishni 90% holatlarda oldini olishga erishiladi.

Anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee