• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2023-08-10

KUYDIRGI KASALLIGIDAN SAQLANING!

topics-img

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va Xalqaro epizootik byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning qator davlatlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, xususan kuydirgi kasalligi bo‘yicha murakkab epizootik va epidemik vaziyat saqlanmoqda.

Kuydirgi kasalligi haqida ma’lumot olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi bosh mutaxassisi   Klara Radjapbayeva bilan suhbatlashdik.

Kuydirgi – bu hayvonlar va odamlar uchun umumiy bo‘lgan o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanib, dunyoda keng tarqalgan kasalliklardan biridir. Kuydirgi tabiiy o‘choqli kasallik bo‘lib, chorvachilik rivojlangan hududlarda ko‘proq uchraydi.

Kuydirgi qadimdan ma’lum kasallikdir. Abu Ali Ibn Sino, Gippokrat, Gomer va boshqalar bu kasallikni hayvonlardan odamga yuqadigan kasallik deb ta’riflaganlar.

Kuydirgi – spora hosil qiluvchi bakteriya qo‘zg‘atadigan, turli xil yuqish mexanizmlariga ega bo‘lgan, asosan o‘ziga xos yara (karbunkul), kamdan-kam hollarda esa o‘pka, ichak va og‘iz-tomoq shakllarida namoyon bo‘ladigan hayvonlar va odamlar uchun umumiy hisoblangan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

Kuydirgi kasalligi bakteriyasining sporali shakli tashqi muhitga o‘ta chidamlidir. Bunday bakteriyalar tuproqda 10 yillab tirik saqlanadi. Ba’zi bir adabiyotlarda kuydirgi bakteriyasining sporali shakli tuproqda 100 yil va undan ortiq muddatda ham tirik saqlanganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Spora o‘zi nima - kuydirgi kasalligining qo‘zg‘atuvchisi (Bacillus antrax) aerob, harakatsiz tayyoqcha bo‘lib, uzunligi 5-10 mikron, eni 1-1,5 mikronni tashkil etadi.  Kuydirgi kasalligining qo‘zg‘atuvchisi tashqi muxit sharoitiga qarab vegatativ shakldan  spora shakliga aylanadi, natijada  bakteriyada spesifik kapsula hosil bo‘ladi, spora kislorod yetishmagan va quruq tuproqlarda uzoq vaqt davomida yashash xususiyatiga ega bo‘ladi. Aynan shu xususiyati bilan boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchilaridan farq qiladi va atrof- muhit uchun xavf tug‘diradi.

Kuydirgi qo‘zg‘atuvchisining tashqi muhitga bunday chidamliligi katta epizootik va epidemiologik ahamiyatga egadir.

Tabiatda kuydirgi kasallligi qo‘zg‘atuvchisining saqlovchisi (rezervuari) tuproq hisoblanadi.

Kasallikni kuydirgi bakteriyalari keltirib chiqaradi, kasallik hayvonlardan hayvonlarga va odamlarga yuqadi, biroq kasallikni odamdan odamga va odamdan hayvonlarga yuqishi aniqlanmagan.

Hayvonlar orasida kuydirgining ko‘plab tarqalishi yilning fasliga aloqador bo‘lib, asosan hayvonlarni cho‘llarda boqish jarayoniga bog‘liqdir.

Kuydirgi kasalligining manbalari o‘txo‘r hayvonlardir. Yirik va mayda shoxli mollar, ot, tuya, eshak, kiyiklar kasallikka ko‘proq moyil bo‘ladi. It, mushuk va ba’zi bir yovvoyi hayvonlar kuydirgi kasalligi bilan kamdan-kam hollarda kasallanadi. Kuydirgi kasalligi qo‘zg‘atuvchisining asosiy va yetakchi manbalari  yirik va mayda shoxli mollardir.

Hayvonlar kuydirgi kasalligi qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan ozuqalarni, o‘simliklar ildizlarini yeyishi natijasida, ya’ni tuproq bilan muloqot jarayonida, jaroxatlangan teri orqali kasallik qo‘zg‘atuvchisini yuqtirib oladi.

Shuningdek kasallik hayvonlarga havo-tomchi yo‘li, chang-to‘zonlar bilan yuqori nafas yo‘llari orqali yuqadi.

Sog‘lom hayvonga kuydirgi transmissiv yo‘l bilan, turli xil qon so‘ruvchilar orqali ham yuqishi mumkin.

Hayvonlarda kasallik ko‘pincha ichak shaklida o‘tadi.

Kuydirgi kasalligi odamlarga shu kasallikka chalingan hayvonlarni veterinariya xodimlarining ruxsatisiz so‘yish, terisini shilish, go‘shtini maydalash, oshqozon-ichaklari va kalla-pochasini tozalashda, shuningdek kasallangan hayvonlarni parvarishlash jarayonlarida, yetarli termik ishlov berilmagan go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida yoki hayvon terilarini tashish, saqlash va qayta ishlash jarayonida yuqadi. Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilar, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlovchilar va ovchilar ko‘proq kasallanadilar.

Kasallikning jaroxatlangan teri va shilliq qavat orqali yuqishi asosiy va yetakchi yuqish yo‘li hisoblanadi. Bunda qo‘zg‘atuvchilar yaqin joylashgan (regionar) limfa tugunlarida to‘planadi va ularda mahalliy yallig‘lanish jarayonini keltirib chiqaradi.

Kuydirgi kasalligi 99 foizgacha holatlarda teri shaklida, 1 foizgacha holatlarda esa o‘pka, ichak va og‘iz-tomoq shakllarida uchraydi.

Odamlarda kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 14 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Bunda mikrob tushgan joyda qizg‘ish yoki ko‘kimtir rangda dog‘ paydo bo‘ladi, bu dog‘ papulaga, vezikulaga, pustula va yaraga aylanadi. Yara yuzidagi qora po‘stloqning rangi ko‘mirga o‘xshaydi, shu bois bu kasallikka  “Antraks” deb nom berilgan (“Antraks” so‘zi yunoncha ko‘mir degan ma’noni anglatadi). Yara og‘riqsiz kechadi, yaraga yaqin bo‘lgan limfa bezlari zararlanib, lmfadenit, sepsis paydo bo‘ladi. Bemorda quvvatsizlik, tana harorati ko‘tarilishi, bosh og‘rigi, bosh aylanishi, qusish, jigar va taloqning kattalashuvi kabi alomatlar kuzatiladi.

Odamlarda kuydirgining ichak turi kuydirgi qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan go‘sht iste’mol qilinganida, o‘pka turi bilan esa kuydirgi tayoqchasi sporalarining nafas yo‘llari (teri, mo‘yna maxsulotlari korxonalarida) orqali tushishidan rivojlanadi. Ichak va o‘pka turlari keskin umumiy buzilishlar bilan kechib, odatda o‘lim bilan tugaydi.

Kasallikning boshlanish davrida bosh og‘rig‘i, butun tananing zirqirashi, nafas olishining tezlashishi, kasallikning 2-3- kunlari esa tana haroratining 39-40 darajaga ko‘tarilishi va intoksikasiya belgilarining kuchayishi kuzatiladi. Boshning og‘rishi kuchayadi, bemor holsizlanadi, qon bosimi pasayadi. Jigar va buyrak kattalashadi.

Kuydirgi teri shaklining eng xavfli tomoni uning sepsis shakliga, ya’ni basillalarning qonga o‘tib ketishidir.

Kasallikning “teri yarasi” shaklidagi yarani boshqa yaralardan farqini yana eslatib ko‘yamiz:

-  yaraning og‘riqsiz bo‘lishi (agar ikkilamchi infeksiya qo‘shilmagan bo‘lsa);

-  yara ustini ko‘mirga o‘xshash qora po‘stloq qoplashi;

-  yara atrofi qizarib, shish paydo bo‘lishi;

-  ba’zida yaraga yaqin joylashgan limfa tugunlari yallig‘lanib, kattalashishi kuzatiladi (limfadenit).

Shuningdek, yara atrofida pufaksimon toshmalar paydo bo‘lishi ham mumkin.

Kuydirgi yarasi asosan badanning ochiq qismlarida (qo‘l, oyoq, yuz, bo‘yin) ko‘proq uchraydi.       

  Kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va davolash uchun yuqorida qayd etilgan holatlarda zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur. Ayrim holatlarda bemorlar o‘z boshimchalik bilan o‘zini - o‘zi davolash bilan shug‘ullanadilar, bemorlar yaraning ustidagi qora po‘stloqni o‘tkir tig‘li jismlar yordamida olib tashlashga urinishadi va natijada kasallikning teri shakli septik shakliga o‘tib, kasallik achinarli yakun topishi mumkin.

Shu sababli, badanda yara paydo bo‘lsa va bu yaraning paydo bo‘lishi kasallangan mollarni suyish, terisini shilish, go‘shtini maydalash va oshqozon – ichaklarini hamda kalla – pochasini tozalash bilan bevosita bog‘liq deb hisoblansa, unda zudlik bilan hududiy davolash – profilaktika muassasalariga murojaat qilish kerak.

Kuydirgi bu asosan hayvonlar kasalligi. Ushbu kasallikni hayvonlar o‘rtasida oldi olinsa, odamlarda ushbu kasallik qayd etilmaydi. 

Kuydirgi kasalligini hayvonlar va odamlar o‘rtasida erta aniqlash kasallikning profilaktikasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Kuydirgi kasalligining kelib kelib chiqishini oldini olish uchun quyidagi qoidalarga qat’iy rioya qilish kerak:

-  xonadonlarda boqilayotgan chorva mollarini hududiy veterinariya xodimlari tomonidan kuydirgi kasalligiga qarshi har yili bir marotaba albatta emlatish;

-  chorva-mollari davriy veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib turish;

-  molxonalarda veterinariya-sanitariya qoidalariga qattiq rioya etish;

-  hayvonlarni veterinariya nazoratisiz so‘ymaslik va go‘shtini aholiga tarqatmaslik;

-   kuydirgi bilan kasallangan hayvon go‘shtini veterinariya sohasi xodimlari maslaxatiga ko‘ra zararsizlantirish;

-  chorva mollarini uy sharoitida so‘yish taqiqlash, ularni faqat qushxonalarda va so‘yish maydonchalarida, veterinariya xodimi nazorati ostida so‘yish;

-  kasallangan chorva mollarini nobud bo‘lmasligi uchun ularni uy sharoitida majburiy so‘yish zaruriyati yuzaga kelganda, bu tadbir albatta veterinariya vrachi ishtirokida amalga oshirish;

-  kasallik alomatlari kuzatilganligi sababli so‘yilgan chorva mollarining go‘shti, terisi va kalla-pochalarini qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatish yoki bozorlarda sotishga faqat veterinariya xodimining xulosasi asosida ruxsat berish;

-  mahallalarda majburiy so‘yilgan va ko‘cha-kuylarda sotilayotgan chorva mollari go‘shti xatarli bo‘lishi mumkin, shu sababdan go‘shtni faqat do‘konlardan va bozorlardan xarid qilish, chunki ular tekshirilgan va xavfsizligi kafolatlangan bo‘ladi;

-  kasallangan chorva molini so‘ygan va so‘yishda ishtirok etgan odamda bir hafta mobaynida qo‘lida yoki tanasining boshqa joylarida yara paydo bo‘lsa, darhol hududiy shifoxonaga murojaat qilishi zarur.

  Bunday muammolar kelib chiqishining oldini olish har bir insondan tibbiy madaniyat va o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishni talab etadi. Buning uchun sog‘lom turmush tarziga, sanitariya-gigiyena va veterinariya qoidalariga to‘la rioya etish lozim.

Umuman, kuydirgi kasalligiga qarshi kurash olib borishda, chora-tadbirlar asosan odamlarni kasal hayvonlar, ularning xom ashyo va mahsulotlari bilan muloqotda bo‘lishdan muhofaza qilinishiga qaratilgan bo‘lishi kerak.

  Kuydirgi kasalligini oldini olishda sanitariya-profilaktika ishlarini kuchaytirish muhim vazifadir. Ya’ni qishloqlarda, maktablarda, chorvachilik korxonalarida, ovqatlanish shoxobchalarida, suv havzalarida kasallikning kelib chiqishini oldini olish chora-tadbirlarini, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilishning ahamiyatini aholiga tushuntirish har bir fuqaro uchun o‘ta muhimdir.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee