• eye
Yangiliklar
time 23.01.2021
284
SINOVLI DАVRNING HАMJIHАTLIKDАGI ISHLАRI

Respublikamizda koronavirus infektsiyasiga qarshi kompleks profilaktik tadbirlar oʼz vaqtida, maqsadli amalga oshirib kelinmoqda.

Yurtimizda tojdor virus nomini olgan kasallikka qarshi kurashish va uning tarqalishining oldini olish borasida qator farmon va qarorlar qabul qilindi, COVID-19 infektsiyaning oldini olish, davolash va nazorat qilish borasida tajriba almashish maqsadida rivojlangan ilgʼor mamlakatlarning yetakchi mutaxassislari taklif etildi. Аyni kunlarda vaktsinatsiya bilan bogʼliq tadbirlar amalga oshirilmoqda. COVID-19 infektsiyasi, respublikadagi epidemiologik vaziyat toʼgʼrisida, vaktsinatsiya boʼyicha olib borilayotgan tadbirlar oid savollarga  javob olish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Epidemiologiya va yuqumli kasalliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʼi Rustam Ikromov bilan suhbat uyushtirdik.

— Bugungi kunda butun dunyoda koronavirus infektsiyasi boʼyicha epidemiologik vaziyat hanuz barqaror emas. Respublikamizda koronavirus boʼyicha holatga eʼtibor qaratilsa, sekin-asta kasallik koʼpaymoqda degan gaplar ham uchramoqda. Bunga qanday izoh berasiz?

— Oʼzbekiston Respublikasida oxirgi oʼn kunlikda kasallik kunlik 4-yanvarda 42 ta qayd etilgan boʼlsa, 2021-yil 21-yanvar holatiga koʼra, Oʼzbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilganlar soni 78272 (+53) nafarni tashkil etmoqda. Аyni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 900 nafar bemordan 156 nafari ogʼir, 30 nafari esa oʼta ogʼir ahvolda. Hisob-kitoblardan koʼrinib turibdiki respublikamizda oxirgi kunlarda kasallanish soni sekin-asta koʼtarilib bormoqda. Shu oʼrinda belgilangan qoidalarga amal qilish, niqobsiz yurmaslik, masofa saqlagan holda muloqotda boʼlish muhimligini yana bir bora eslatib oʼtmoqchiman.

— Har kuni republikamizga chet davlatlardan fuqarolar kirib keladi. Ular qay darajada ekspress testdan oʼtkazilayapti? Qancha kishilar gospitalizatsiya qilindi?

— Maʼlumki, 2020-yilning 25-dekabr kunidan boshlab Oʼzbekiston Respublikasiga havo, temir yoʼl transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan barcha shaxslardan oʼz hisobidan aeroport, temir yoʼl vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infektsiyasi antigenini  aniqlash ekspress testi olinishi joriy etilgan.

Davlat chegara punktlari orqali 2020-yilning 25-dekabrdan 2021-yilning 20-yanvarigacha jami boʼlib respublikamiz hududiga 128 007 nafar shaxs kirib kelgan, ularning 96 223  nafarida (75,1%) koronavirus infektsiyasi antigenini  aniqlash maqsadida ekspress testi oʼtkazilgan. Tekshiruv natijalari boʼyicha 67 nafarida (0,07%) musbat natija aniqlangan.

Musbat natija aniqlangan fuqarolar hududiy koronavirus infektsiyasini davolashga ixtisoslashgan muassasalarga davolanishga yoʼnaltirilmoqda.

— Butun dunyoni tashvishga solayotgan kasallikning yangi shtammi respublikamizga kirib kelsa bizda shifoxonalar, poliklinikalar tayyormi, degan oʼrinli savol aholi orasida paydo boʼlmoqda. Bu boradagi fikrlaringiz.

— Kasallikning yangi shtammi bu mutatsiyaga uchragan koronavirus infektsiyasi hisoblangani bois, unga qarshi chora-tadbirlar ham xuddi avvalgi shtammga nisbatan qoʼllanilgan chora-tadbirlardan iborat hisoblanadi. Shu sababli hozirgi kundagi shifoxonalar va poliklinikalarda yoʼlga qoʼyilgan tizim mazkur shtammga qarshi samarali ishlashi va yetarli darajadagi tayyorgarlikka ega deb aytish mumkin.

— Oʼtgan 2020-yil iyul oyida Prezidentimiz boshchiligida oʼtkazilgan videoselektorda vaktsina boʼyicha aniq topshiriqlar berilgandi. Hozirgacha bu topshiriqlar amalda qanday bajarildi?

— Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd kompaniyasining Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaktsinasining uchinchi bosqich klinik sinovlarini oʼtkazish boʼyicha ishlar olib borilmoqda. Xitoy tomoni bilan tuzilgan bitimga koʼra, respublikamizda mazkur vaktsinani klinik sinovlarini tashkil etish bilan bogʼliq. Xitoydagi Oʼzbekiston elchixonasi yordamida Oʼzbekistonga Zhifei kompaniyasi tomonidan 6000 dona sinov vaktsinasi, 12 ming dona PZR testlar, 8 ming dona antitanalarni aniqlovchi testlar hamda barcha yordamchi materiallar (shprits, niqob, koʼzoynak, krioprobirkalar, homiladorlikni aniqlovchi testlar) olib kelindi.

— Vaktsina boʼyicha Rossiya federatsiyasi bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgandi, ularning vaktsinasi oʼrganilyaptimi?

— Rossiya Federatsiyasi va Oʼzbekiston Respublikasi hukumatlararo kelishuviga muvofiq, ayni  kunlarda Rossiya davlatida ishlab chiqarilayotgan “Sputnik-V” vaktsinasini sinovdan oʼtkazish ishlariga kirishilgan, hozirgi pallada ushbu vaktsinaning 100 dozadan iborat namunasi Oʼzbekistonga olib kelingan va farmatsevtik sinovlar oʼtkazilishi kutilmoqda.

— Dunyo olimlari va bizning olimlar, mutaxassislar tomonidan bir necha marta aytildiki, bu virus toʼliq oʼrganilmadi deb, ammo vaktsinani amalga oshirish boʼyicha ishlar olib borilmoqda. Vaktsina masalalarida agar emlash yoʼlga qoʼyiladigan boʼlsa unga qanday tayyorgarlik koʼriladi?

— Vaktsinatsiya ishlarini amalga oshirishni xavfsiz va toʼgʼri tashkil qilish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi xalqaro “COVAX” global fondiga qoʼshilgan. Mazkur fond orqali ishonchli va sifatli vaktsinalarni xarid qilib olishini aytish mumkin. Vaktsinalarni saqlash va tashishdagi “sovuqlik zanjiri” xavfsizlik choralari yetarli darajada tashkil etilgan.

— Vaktsinatsiya avvalo kimlarda amalga oshiriladi, aholini qaysi qatlami uchun cheklov boʼlishi mumkin?

— Vaktsinatsiya kimlarda amalga oshirilishi va oʼtkazish uchun cheklovlar - qoʼllanilishi mumkin boʼlgan va Oʼzbekistonga olib kelinadigan vaktsinalarning xususiyatiga koʼra belgilanadi, shuning uchun bu haqda gapirishga hali erta deb hisoblayman.

Tadbirlar taqvimi

Tadbirlar taqvimi

Dsh Ssh Chsh Psh Jm Shn Yak
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma’muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Muammo haqida ma'murga xabar bering