• eye
Yangiliklar
time 05.03.2021
219
XАLQIMIZ SАLOMАTLIGI HАR NАRSАDАN АFZАL VА BEBАHO

Dunyoning qator davlatlarida aholini bosqichma-bosqich koronavirusga qarshi emlash jarayonlari olib borilmoqda. Respublikamizda ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Аlbatta emlash ishlarining samarali tashkil etilishi xalqimiz salomatligi, shu bilan birga, jamiyatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

Professor, tibbiyot fanlari doktori Xayrulla Mustafoev bilan kechgan suhbatimiz vaktsinatsiya nima, emlashning ahamiyati, aholi orasida koronavirusga qarshi emlash borasida yuzaga kelgan fikrlar muhokamasi haqda kechdi.

– Аvvalambor, emlashni ahamiyati, uning nega kerakligi haqida toʼxtatilib oʼtsangiz.

– Bir necha yuz yillar avval insonlarni birinchi emlanishlari tabiiy, keyichalik sunʼiy boʼlgan. Vaktsinalar ishlab chiqilganicha juda koʼplab oilalarning farzandlari turli kasalliklardan vafot etishgan. Shu sababli dunyo hamjamiyati, Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti tomonidan emlash kalendarlari ishlab chiqilgan. Shu oʼrinda bir narsani aytib bersam. Buvim rahmatlikdan: “Nechta farzandingiz boʼlgan? Nega dadamning bir oʼzlari?” deb savol berganman. Shunda buvim: “Men 14 nafar farzandni dunyoga keltirganman. Lekin ular har xil kasalliklar bilan vafot etishgan” degandilar. Yillar oʼtib, shifokorlik kasbi ortidan olim boʼlganimdan soʼng buvimning soʼzlarini oʼylab, ularning qizamiq, shol, boʼgʼma, difteriya kasalliklaridan vafot etishgan degan xulosaga keldim. Oʼsha davrlarda emlash vositalari boʼlmaganligi, bolalarning vaqtida emlanmaganligi sababli qanchadan-qancha bolalar dunyodan oʼtib ketgan.

Emlashning ahamiyatiga toʼxtaladigan boʼlsam, emlash vositalari, emlash imkonlari borligi bu insoniyatning eng katta yutugʼidir. Hozirda  Oʼzbekistonda bolalar 13 xil kasallikka qarshi emlanadi. Аholi oʼrtasida emlash qatlamlari boʼlganligi sababli kasallik avj olmayotgani quvonarli hol deb aytishim mumkin.

– Barchani qiziqtirib kelayotgan masala – koronavirusga qarshi emlash borasida ham toʼxtalib oʼtsangiz. Аholi oʼrtasida vaktsinalarning sifati va xavfsizligi borasida turli fikrlar paydo boʼlmoqda. Mutaxassis sifatida sizning fikrlaringiz...

– Biz har yil 6 millionga yaqin farzandlarimizni 13 xil kasallikka qarshi emlaymiz. Lekin qaysi vaktsina bilan emlanayapti, necha kunlik vaktsina, kim tomondan ishlab chiqarilgani bilan qiziqib koʼramizmi? Yoʼq, chunki bularning barini davlatimiz, Sogʼliqni saqlash vazirligi bir necha bor sinovlardan oʼtkazib, tekshirgandan soʼng tavsiya beriladi.

 Bu jarayon Hukumatimiz rahbarlarining doimiy diqqat markazida. Oʼz oʼrnida emlash vositalarining sifati va emlashdan soʼng qanaqa asoratlar boʼlishi mumkinligi borasida sinovlardan oʼtkazilmoqda. Shunday ekan, menga fuqaro sifatida nima kerak vaktsina turi, uni tayyorlash texnologiyalar jarayoni. Koronavirusga qarshi vaktsinalarga nimaga bunday eʼtibor va qiziqishlar ortib bordi? Аsosiy sabab, bu kommertsiya yoki ishlab chiqarish kompaniyalar tomonidan  mumay daromad topish asosiy maqsadga aylanyapti. Bu fikrimning isboti sifatida АQShda vaktsina ishlab chiqish uchun katta avtomobilь ishlab chiqaradigan kompaniya 100 million dollar ajratgan. Bu jarayonga ommaviy axborot vositalari, televidenie, ijtimoiy tarmoqlar jalb etilyapti. Hattoki bizni ayrim olimlarimiz va mutaxassislarimiz ham oʼzlari sezmagan holda bu jarayon tegirmoniga suv quyyaptilar.  Internetdagi ayrim hollarda tekshirilmagan maʼlumotlarni misol qilib, vaktsinalarning turlari, qaysi davlatda ishlab chiqarilishi hattoki tayyorlash texnologiyalari va qaysi shtammlar tarkibida borligi... Emlash masalasiga bunday yondoshish aholimiz oʼrtasida koronavirus vaktsinatsiya haqida tushunmovchiliklarga sabab boʼlyapti.

 Respublikamizda koronavirus epid jarayoni, kasallik kechishi Yevropa davlatlariga qaraganda boshqacha – barqaror kechmoqda. Yevropa davlatlaridagi fuqarolar bilan aholimizning immunitetini farqi bor. Nega degan savol tugʼiladi. Chunki u yerda 65-70 foiz aholi bu keksalar, bizda esa keksalar 12-14 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, yurtimizdagi  iqlim, aholining urf-odati yoki turmush tarzi, himoya kuchlari, immunitetni shakllanishiga katta taʼsiri bor, deb aytish mumkin.  Ikkinchi tomondan bejizga yurtimizni jannatmakon yurt deb aytishmaydi. Bizda quyosh yaxshi, vitaminga boy mahsulotlarimizni sanab adogʼiga yeta olmaymiz. Shu sabab xalqimizni boshqa davlatlar aholisi bilan taqqoslasak immuniteti  mustahkamrogʼligi  ayon boʼladi.

Yaqinda davlatimiz rahbari oʼz chiqishlarida biz yetti oʼlchab emas, balki oʼn marta oʼlchab, bir marta kesib, vaktsina haqida xulosaga kelamiz, dedilar, Xalqimiz sogʼligi haqida Prezidentimiz, hukumatimiz, biz saylagan deputatlarimiz qaygʼurishmoqda. Shuning uchun vahima qilishga oʼrin yoʼq. Hukumat tomondan gʼamxoʼrlik bor ekan eng yaxshi, samarali, asoratlari past emlash vositalaridan foydalaniladi. Emlash tadbirlari samarali oʼtadi.

– Bugun koronavirus xavfi hali ham mavjud. Karantin hali bekor qilinmagan boʼlsa-da, aholi orasida niqob taqishga eʼtiborsiz qarayotganlarni koʼplab uchratmoqdamiz. Bunday xatti-harakat bilan oʼzlari va atrofdagilarga taʼsir koʼrsatishmayapti deb ayta olmaymiz.

– Koronavirus infektsiyasidan himoyalanish barchamizning qoʼlimizda. Shu oʼrinda bir narsani taʼkidlamoqchi edim. Kasallik hali bartaraf etilgani yoʼq. Xavotirlanarlisi esa kasallik tashuvchilar bor. Shuning uchun niqob taqish, qoʼllarni tez-tez yuvish, masofa saqlash muhimligini yoddan chiqarmay, qoidalarga amal qilishlarini soʼrab qolamiz.

Ogohlik muhim jihat. Karantin qoidalarga amal qilishni unutmaslik lozim. Shundagina jamiyatimiz sogʼlom jamiyat boʼladi, aholimiz sogʼlom boʼlishi taʼminlanadi, asosiysi esa atrofimizdagilar kasallikka chalinmaydi.

So'nggi yangiliklar
Tadbirlar taqvimi

Tadbirlar taqvimi

Dsh Ssh Chsh Psh Jm Shn Yak
Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma’muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Muammo haqida ma'murga xabar bering