• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2024-01-25

SARTAROSHXONALAR VA GO‘ZALLIK SALONLARIDA MIJOZ QANDAY KASALLIKLARNI YUQTIRIB OLISHI MUMKIN?

topics-img

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, kosmetologiya xizmatlari, jumladan tatu va boshqa xizmatlar amaldagi 0305-12, 0306-12-son “Sanitarno-epidemiologicheskie trebovaniya k ustroystvu, oborudovaniyu i soderjaniyu parikmaxerskix” sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normativlariga muvofiqligini baholash mezonlarini aniqlash bo‘yicha savolnoma asosida tekshiriladi.

 

 Aholiga xizmat ko‘rsatadigan sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, kosmetologiya xizmatlari, jumladan tatu va boshqa xizmatlar ishchi-xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishlari kerak. Bundan tashqari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun instrumentlar, sochiq, salfetka va choyshablar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan bo‘lishi lozim.

 

 0305-12-son sanitariya qoida va me’yorlarida belgilangan talablariga asosan manikyur, pedikyur va kosmetik kabinetlarda har bir ish joyida mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun uch komplekt instrumentlar bilan ta’minlangan bo‘lishi darkor.

 

 Sartaroshlik va kosmetologiya xizmatlari (manikyur, pedikyur, qosh terish va boshqa kosmetologiya xizmatlari) jihozlari mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan oldin zararsizlantirilib, sterilizatsiyalangan bo‘lishi kerak.

 

 Har bir mijozga toza oqlik (sochiq, salfetka, choyshab) ishlatilishi va ishlatilgandan keyin oqliklar yuvilishi muhim hisoblanadi.

 

 Gepatit, OIV-infeksiya, tuberkulyoz va boshqa yuqumli hamda parazitar kasalliklarning yuqishining oldini olish maqsadida har bir mijozdan keyin ishlatilgan instrumentlar zararsizlantiruvchi eritma solingan idishga solinib, 15 daqiqa davomida zararsizlantirishi, so‘ngra toza suvda yuvilib, sterilizatsiya qilinishi muhim sanitariya-epidemiologik ahamiyatga ega.

 

 Toza instrumentlar maxsus metall qutilarda, usti yopiq holatda saqlanishi kerak.

Ish uchun maxsus kiyim bosh kiyishi, mijozga xizmat ko‘rsatishdan oldin va keyin qo‘llarini sovun bilan yuvishi, kosmetologiya xonasida qo‘l terisi uchun antiseptik ishlatishi, soch bo‘yashda rezinali qo‘lqoplardan foydalanishga amal qilishi kerak.

 

 Pedikyur jarayonida mijoz oyog‘i tagiga qo‘yiladigan yostiqcha, klyonnka bilan qoplangan bo‘lishi, har bir mijozdan keyin zararsizlantiruvchi eritma bilan artilishi, oyoqlar uchun pedikyur vannasi har bir mijozdan keyin yuvuvchi vositalar va dezinfektantlar bilan zararsizlantirilishi shart.

 

 Sartaroshxona xodimlari tarkibida 70 foizli spirt, yodning 5 foizli spirtli eritmasi, leykoplastir, bog‘lov materiallari bor bo‘lgan aptechka bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.

Sartaroshxona va kosmetologiya xizmatlari jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilar zich yopiladigan maxsus idishga yig‘iladi hamda ish kuni yakunida bir martalik polietilen qoplarga solinib, og‘zi mahkam qilib bog‘lanib, o‘rnatilgan tartibda utilizatsiya qilinadi. Ishlatilgan qoplar qayta ishlatilmaydi.

Yana bir muhim jihatga to‘xtaladigan bo‘lsak, sartaroshxona xodimlari ishga kirishdan oldin va vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, sanminimum kursini o‘qigan bo‘lishi shart.

 

 Sartaroshxona xodimlarini sanminimum kursida o‘qishidan maqsad, zimmasidagi ish jarayonida har bir mijozning sog‘ligiga zarar yetkazmaslik, agarda bu kabi holat yuzaga kelganda ham sanitariya-epidemiologik jihatdan uning oqibatlari, nimalarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishda muhim ahamiyatga ega.

 

 Unutmang! Sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, kosmetologiya xizmatlarini amalga oshiruvchi ishchi-xodim ish jarayonidagi ehtiyotsizlik natijasida mijozga gepatit, OIV-infeksiya, tuberkulyoz va boshqa yuqumli hamda parazitar kasalliklarni yuqtirganlik uchun qonun doirasida javobgarlikga tortiladi.

 

Har bir inson o‘z salomatligini himoya qilish uchun sartaroshxona, kosmetologiya xizmatlaridan foydalangan vaqtda instrumentlarning toza va zararsizlantirilganligini talab qilishga haqli!

 

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee