• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2024-04-03

ВRIFING: O‘TA XAVFLI YUQUMLI KASALLIKLAR PROFILAKTIKASI

topics-img

Bahor fasli o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi mumkin bo‘lgan mavsumning boshlanishi hisoblanadi.

Dunyoning qator davlatlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha murakkab epidemik vaziyat saqlanib qolmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, vabo, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi  karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmay kelinayapti.

Ammo fuqarolarimizning ushbu kasalliklar to‘g‘risida bilimi yetarli emasligi oqibatida o‘tgan yillarda aholi o‘rtasida quturish, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kabi kasalliklar ro‘yxatga olindi. Ushbu kasalliklarning kelib chiqishiga oddiy qoidalarga rioya qilmaslik va e’tiborsizlik sabab bo‘lgan.

Shunday ekan, biz fuqarolarimizga yana bir bor ushbu kasalliklardan ximoyalanishning ishonchli qoidalari xaqida ma’lum qilmoqchimiz:

Quturish kasalligini oldini olishda hududlarda obodonlashtirish tashkilotlari qoshidagi daydi xayvonlarni ovlash guruxlari tomonidan daydi hayvonlar, ayniqsa it va mushuklarni paydo bo‘lishiga yo‘l quymasliklari zarur. Egasi ma’lum bo‘lgan it va mushuklarni egalari tomonidan ularni saqlash qoidalariga amal qilishlari, ularni o‘z vaqtida veterinariya idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazib, quturish kasalligiga qarshi emlatishlari talab etiladi.

Fuqarolarimizdan xayvonlarning tishlashi natijasi olgan xar qanday jaroxatlarni o‘zboshimchalik bilan davolashga xarakat qilmasdan, turar joyi bo‘yicha tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan holda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra kerakli muolajalarni olishi zarur, ayniqsa bunda quturishga qarshi emlashni olish ahamiyatli.

Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligini yuqtirib olmaslik uchun Qoramollar tanasidagi kanalarni qo‘llar bilan terib olmaslik, qo‘l bilan ezib o‘ldirmaslik, kana qoni bilan terining ochiq joyining ifloslanishiga sabab bo‘lmaslik o‘ta muhim qoida sanaladi.

Agar qoramollarda kana aniqlansa, darhol veterinariya xodimlariga murojaat qilish, ularning tavsiyasi asosida qoramollar, ularni parvarishlash joyida kanaga qarshi ishlov berish kerak.

Ushbu kasallikka chalingan bemorlarni parvarishlashda o‘ta extiyotkorlik talab qilinadi, zaruriyat bo‘lganda faqat maxsus himoya kiyimlari kiygan holda muloqot qilishga yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Kuydirgi kasalligini oldini olishda uyda parvarishlanayotgan, biror bir kasallik alomatlari bo‘lgan  qoramollar bilan bevosita aloqada bo‘lmaslik zarur va bunday hollarda zudlik bilan hududdagi veterinariya vrachiga xabar berish kerak.

Eng muhimi uyda parvarishlanayotgan qoramollarni o‘z vaqtida kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish zarur.

Qoramollarni zaruriyatga ko‘ra so‘yishdan oldin albatta veterinariya mutaxassisi ko‘rigidan o‘tkazish shart.

Bozorlardan go‘sht va go‘sht maxsulotlari xarid qilishda, albatta veterinariya ko‘rigidan o‘tganligini tasdiqlovchi xujjatlarni mavjudligiga e’tiborli bo‘lish lozim.

Kasallangan qoramollar bilan muloqotdan so‘ng, yoki uning majburiy so‘yilishda ishtirok etganidan so‘ng, yoki go‘sht va go‘sht maxsulotlarini qayta ishlashdan so‘ng tanangizda (ko‘proq terining ochiq joylarida) noma’lum, og‘riqsiz yaralar paydo bo‘lsa, zudlik tibbiyot muassasasiga murojaat qilishingiz va kerakli tekshiruvlardan o‘tishingiz talab qilinadi, zinxor bunday yaralarni o‘zboshimchalik bilan davolashga xarakat qilmaslik kerak.

Brusellyoz kasalligini oldini olishda ushbu kasallikka gumon qilingan chorva xayvonlarini darhol boshqa chorva mollaridan ajratish va veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib, keyin go‘shtga topshirish zarur. Qolgan chorva hayvonlarini veterinariya ko‘rsatmasiga ko‘ra brusellyozga qarshi emlash lozim.

Termik ishlov berilmagan sut va sut mahsulotlarini iste’mol qilmaslik kerak. Brusellyoz kasalligining eng noxush asoratlaridan biri bu - bepushtlik ekanligini unutmasligimiz kerak.

Vabo kasalligini yuqtirib olmaslik uchun ochiq suv xavzasidan olingan va qaynatilmagan suvni iste’mol qilmaslik eng muhim omil xisoblanadi.

O‘zingizda o‘tkir diareya holatini (oshqozon–ichak funksiyasini buzilishi) kuzatsangiz, zudlik bilan o‘z hududingizdagi tibbiyot muassasasiga murojaat qilish shart.

Chet mamlakatlarga safar paytida xar qanday iste’mol qilinayotgan maxsulotning tozaligiga, ishonchligiga va sifati kafolatlanganiga e’tiborli bo‘lish zarur.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee