• Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!
  • Sayt test rejimida ishlamoqda!

Yangiliklar

2023-08-30

VAKSINAPROFILAKTIKA EPIDEMIK JARAYONNI BOSHQARISHNING SAMARALI VOSITASI

topics-img

Respublikada oxirgi besh  yillik  davrda aholining epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash borasida o‘tkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi maqsadli emlash tadbirlari natijasida ayrim kasalliklar tugatildi, ko‘plab kasalliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatildi.

Dunyoda hozirgi kunda vaksinaprofilaktika epidemik jarayonni nazorat qilish va boshqarishning samarali vositasi hisoblanib, ko‘plab yuqumli kasalliklar epidemiyasi rivojlanishining oldini olishni asosiy va samarali vositasi bo‘lib qolmoqda.  JSST ning ma’lumotlariga ko‘ra, «Har yili  dunyoda 50 milliondan ortiq kishilar yuqumli va parazitar kasalliklardan vafot etadi». Shu jihatdan, yuqumli kasalliklarni o‘z vaqtida va erta tashhisotining zamonaviy usullarini qo‘llash va profilaktika tadbirlarini takomillashtirish, o‘lim holatlarini oldini olish hamda vaksinaprofilaktika usullari samaradorligini oshirish amaliy tibbiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Respublikada 2018-2022 yillarda davlat byudjeti hisobidan  hamda GAVI -YUNISEF xalqaro tashkilotlari ko‘magida olib kelinayotgan vaksinalar bilan har yili tug‘ilgan bolalarni milliy profilaktik emlashlar kalendari asosida 13 turdagi  boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi (gepatit В, sil, poliomiyelit, difteriya, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiya, rotavirus, pnevmokokk  infeksiya, qizamiq, qizilcha, epidparotit va VPCH (odam papilloma virusi) viruslariga qarshi emlash qamrovini  yuqori 97-99,0 foizga  olib borilishi samarasida ayni kunda respublikada poliomiyelit, difteriya, stolbnyak bilan kasallanish tugatildi, qizamiq, qizilcha, gepatit В, epid parotit, rotavirus, pnevmokokk infeksiyalari bilan kasallanish  keskin kamayishiga erishildi.

Jumladan gepatit В ga qarshi bolalarni emlash qamrovi samarasida kasalanish  50 marotabaga, rotavirus infeksiyaga qarshi emlash samarasida o‘tkir diareya kasalliklari bilan kasallanish 30 marotabagacha kamayishiga erishildi, shuningdek ko‘kyo‘tal, epidparotit, qizamiq, qizilcha bilan kasallanish yagona xolatda ro‘yxatga olinayapti.

Shuningdek  oxirgi besh yilda immunoprofilaktika sohasida moddiy texnik bazaning mustahkamlanishi, ya’ni vaksina saqlash omborxonalarini yangidan qurish, rekonstruksiyalash, taьmirlash va zamonaviy sovutgich uskunalari bilan ta’minlash ishlari olib borildi.

Vaksinalarni saqlanishi, ishlatilishi jarayonida moddiy texnik bazani yanada mustahkamlanishi  sovuqlik zanjiri qoidalariga rioya etilishiga olib kelyapti va natijada yuqori  samaradorlikka  erishilyapti. Buni JSST, SDS xalqaro tashkilotidan tashrif buyurgan ekspertlar o‘rganish jarayoni natijasida  e’tirof etyapti. 

Ayni kunda epidemik ko‘rsatmaga muvofiq respublikada aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi buster doza vaksina bilan emlash ishlari davom etypti. Barcha davlatlar qatorida respublika aholisining 95,0 % i koronavirus infeksiyasiga qarshi  emlash bilan qamrab olinishi samarasida ushbu kasallik bilan kasallanish emlangan fuqarolar orasida ro‘yxatga olinmayapti, yoki kasallikni yengil o‘tishiga erishildi.

Respublikada  bachadon bo‘yi saratoni kasalliklari profilaktikasi maqsadida 2019 yildan boshlab, sog‘liqni saqlash tizimida amaliyotga VPCH-odam papilloma viruslariga qarshi milliy emlash jadvaliga 9 yoshdagi qizlarni emlash amaliyotga kiritildi va o‘tgan davrda 1,5 million nafar  qizlar odam papilloma viruslariga qarshi emlandi.

2018 yildan boshlab sog‘liqni saqlash tizimida amaliyotga IPV-inaktivlangan poliomiyelit vaksina bilan  4 oylikdagi bolalarni  emlash kiritildi va 2022 yildan boshlab, 9 oylik bolalarni ham inaktivlangan poliomiyelit vaksina bilan emlash milliy emlash jadvaliga kiritildi. Ma’muriy xududlarda poliomiyelitga qarshi emlash ishlari davom etyapti va o‘tkir bo‘shashgan sholga gumon etilganlarni faol aniqlash,  epidemiologik kuzatuv ishlari olib borilayapti.

2022 yilda qizamiqni chetdan kirib kelishi va uning tarqalishini oldini olish maqsadida 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan 3 303 582 nafar  bolalarni 98,4 %ga   qizamiq-qizilchaga qarshi emlash ishlari amalga oshirildi. Ayni kunda qo‘shni davlatlarda qizamiq kasalligini ko‘plab ro‘yxatga olinayotgani  xalqimizni xushyor bo‘lishga chaqiradi. Chunki boshqa davlatlarga borib kelayotgan fuqarolarimiz orasida qizamiqni  ro‘yxatga olinishi davom etyapti.

      Respublikada milliy emlash kalendari asosida  13 (o‘n uch) turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi   har yili  tug‘ilgan bolalarni 95 foizdan yuqori ko‘rsatkichlarda emlash qamrovi samarasida  epidemiologik vaziyatni barqaror bo‘lishiga erishildi.

️ Sanepidqo‘mitada aholi o‘rtasida vaksinatsiya bilan bog‘liq savollarga tezkorlik bilan javob qaytarishga mo‘ljallangan Call-markazi  tashkil etilgan bo‘lib, vaksinatsiya bo‘yicha savollaringiz bo‘lsa Call-markazining 1327 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee