Bahor fasli o‘ta xavfli yuqumli
kasalliklar tarqalishi mumkin bo‘lgan mavsumning boshlanishi hisoblanadi. Ushbu
kasalliklardan biri Qrim – Kongo gemorragik isitma kasalligi hisoblanadi.
Qrim – Kongo gemorragik isitma
kasalligi – arbovirus qo‘zg‘atadigan,
isitmalash, gemorragik alomatlar bilan kechadigan, tabiiy sharoitda transmissiv
yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Ushbu
virusning yuqish mexanizmi transmissiv, ya’ni virus kanalarning chaqishi
natijasida odamga yuqadi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jalik hayvonlari va bemor
qonini so‘rgan kanani ezib o‘ldirganda hamda Qrim – Kongo gemorragik isitma
kasalligiga chalingan bemorning qoni sog‘lom odam terisi va shilliq qavatiga
tushganda yoki bo‘lmasa parenteral muolajalar amalga oshirilganida kasallik
yuqishi mumkin.
Joriy yilning 19 mart kuni Qashqadaryo
viloyati Qarshi tumanida “Aholi
o‘rtasida Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi tarqalishining oldini olishda
FVDT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida respublika
darajasida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
Shuningdek, mazkur o‘quv mashqlari
doirasida respublika hududida Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligining
tarqalishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish, kasallikning
tarqalish ehtimoli yuqori bo‘lgan mavsumda mutasaddi idora va tashkilotlarning
hamkorlikda harakatlarini takomillashtirish maqsad qilib belgilangan.
O‘quv mashg‘uloti amaliy va nazariy jihatdan
rejali ravishda olib borildi.
O‘quv
mashg‘ulotida respublikaning mas’ul tashkilot xodimlari, barcha viloyatlardan
tegishli mutaxassislar hamda Sanepidqo‘mitaning Qashqadaryo viloyati shahar,
tuman bo‘limlari xodimlari ishtirok etdilar.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommitte