❓Grippdan himoyalanish choralari qanday?
‼️Gripp to‘satdan boshlanib, bir necha soatda bemorda isitma, yo‘tal (odatda quruq), bosh og‘rig‘i, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riq, zaiflik, tomoq yallig‘lanishi va burun oqishi paydo bo‘ladi.
🔹Grippning sababi nafas yo‘llarining shilliq qavatiga virusning kirib borishidir. Grippning inkubatsion davri 2 kundan 9 kungacha davom etadi va birinchi alomatlar paydo bo‘lganidan keyin 5-10 kun davomida yuqumli hisoblanadi.
🔹Virus asosan havo tomchilari orqali yuqadi va shu sababli maktab, maktabgacha ta`lim tashkiloti, idoralar va boshqa odamlar gavjum joylarda tez tarqaladi. Kasallik ko‘pincha yo‘talganda, aksirganda bemordan boshqaga o‘tadi, shuningdek, qo‘l siqish orqali ham yuqish ehtimoli bor.
✔️Shuning uchun virus tarqalishining oldini olishning asosiy chorasi – niqob taqish (sog‘lom odam emas, balki bemor) va muntazam ravishda qo‘lni sovun bilan yuvishdir.
Grippning oldini olishning bir necha yo‘li mavjud, jumladan:
❇️ Kasallikka qarshi emlanish;
❇️ kasal odamlar bilan aloqa qilishdan saqlanish;
❇️ kasallikning har qanday belgilari kuzatilganda, uyda qolish;
❇️ aksirish paytida va yo‘talayotganda og‘iz va burunni ro‘molcha bilan berkitish;
❇️ imkon qadar qo‘llarni sovun bilan yuvish;
❇️ agar buning imkoni bo‘lmasa, antiseptik vositalardan foydalanish;
❇️ ayniqsa jamoat joylariga tashrif buyurganda ehtiyotkor bo‘lish.