News

2024-11-12

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA GELMINTOZLARNI OLDINI OLISH BO‘YICHA AMALGA OSHIRILGAN CHORA-TADBIRLAR

topics-img

AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida “Mamlakatimizda parazitar kasalliklarni oldini olish maqsadida olib borilayotgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib  o‘tdi.
Gelmintozlar -  gijja qurtlari keltirib chiqaradigan parazitar kasalliklar guruhi bo‘lib, asosan muloqot, oziq-ovqat va suv  orqali yuqadi. Inson organizmida yashab, uning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazadi. Jumladan organizmning immun tizimini tushiradi, kamqonlikni keltirib chiqaradi, terida turli allergik toshmalar paydo bo‘ladi, markaziy asab tizimiga ta’sir qiladi, aqliy jihatdan orqada qolish kabi holatlar kuzatiladi.
Respublikada 2024-yilda qariyb 7 million bolalar tekshirilib, 200 mingdan ortiq ichak gelmintozi bilan kasallanganlar aniqlandi va davo kurslari bilan qamrab olindi.
Gelmintozlar bilan zararlanganlarning 90%ni maktabgacha va maktab o‘quvchilari (1 dan 4 gacha bo‘lgan boshlang‘ich sinflar)tashkil etdi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar davlat va xalqaro tashkilotlar homiyligi asosida  turlar bo‘yicha ichak gelmintlariga qarshi  davolanadi.
 Degelmintizatsiya tadbirlari o‘tkazilishida bolalar, ota-onalar va tibbiyot xodimlari uchun gelmintozlarning oldini olish bo‘yicha o‘quv seminarlari va uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. 
 Gijjalar yuqmasligi uchun bolalarga shaxsiy va jamoaviy gigiyena qoidalarini  o‘rganish lozim:
-  ovqatlanishdan oldin, hojatxonaga borgandan keyin, tashqaridan kelganda, hayvonlarni parvarishlash va tuproq bilan  bog‘liq faoliyatni amalga oshirgandan keyin qo‘lni sovun bilan yuvish;
-  faqat yaxshi yuvilgan ko‘katlar, meva va sabzavotlarni iste’mol qilish;
-  faqat yaxshi pishirilgan va qovurilgan hayvon mahsulotlarni (go‘sht, baliq va ulardan tayyorlangan mahsulotlar) iste’mol qilish;
-  xom suvni, ayniqsa ochiq suv havzalaridan ichmaslik;
-  yaylovlar va hayvonlarni sug‘orish joylari yaqinida joylashgan ifloslangan chuchuk suv havzalarida cho‘milishdan bosh tortish;
-  xonalarda  yuvish va dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda namli tozalash ishlarini muntazam  amalga oshirish;
-  choyshab va ichki kiyimlar ozodaligiga rioya qilish, ularni issiq dazmol bilan dazmollash, o‘zingizning alohida to‘shagida uxlash, boshqa odamlarning shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanmaslik;
-  suv jo‘mraklari, eshik tutqichlari, hojatxonalar, gorshoklarni dezinfeksiyalovchi eritma bilan tozalash yoki ustiga qaynoq suv quyish;
-  uy hayvonlarini to‘g‘ri saqlash qoidalariga rioya qilish, parvarishlash, ularni gelmintlarga qarshi o‘z vaqtida davolash;

 
Bu qoidalarga nafaqat o‘zingiz amal qilishingiz, balki oila a’zolaringiz va boshqalarga, ayniqsa, bolalarga singdirishingiz muhim!

Sanepidqo`mita Axborot xizmati