Yangiliklar

2024-10-23

NOS CHEKISHNING ZARARI HAQIDA BILASIZMI?

topics-img

Nos (nosvoy) – tutunsiz  tamakining bir turi hisoblanadi.

     Nosning  asosiy  tarkibi tamaki kukuni, ishqor( so‘ndirilgan  ohak), tovuq yoki  tuya  tezagi, o‘simlik  yog‘i, ziravor (ta’mini yaxshilash  uchun)lardan iboratdir.

      Nos  tarkibi  tekshirib ko‘rilganda, qo‘rg‘oshin, kadmiy, mishyak, simob kabi kimyoviy  moddalar mavjudligi aniqlangan. Bular organizmga juda  zararli  moddalardir.

     Ayrim  shaxslar tomonidan  nos   kichkina ”sharchalar”, “tayoqchalar”  yoki  kukun  ko‘rinishida  tayyorlanadi. Nosning ko‘rinishi botqoq  rangda  bo‘ladi.

Nosning  organizmga ta’siri qanday?

 Uning  tarkibida    ishqoriy  modda  bo‘lganligi  sababli tezda  qonga  so‘rilib, turli  noxush  holatlarga sabab bo‘ladi.  Nos  chekilganda u bosh miya faoliyatiga  psixotrop  ta’sir  ko‘rsatadi. Nos chekuvchilar nosvoyni  og‘iz  bo‘shlig‘ida, til osti  yoki pastki  lunjda  ushlab  turishadi. Agar  og‘izdagi nos  yutib  yuborilsa,  ko‘ngil  aynishi,  qayt qilish,  ich  ketish holatlari  kuzatiladi.

Nos qo‘lbola usulda, talabga  javob bermaydigan sharoitda tayyorlanishini  unutmang!

O‘smirlar tomonidan  nos chekilishi natijasida quyidagi holatlar kuzatilishi mumkin:

•yurak  urishining  tezlashishi;

•og‘ir holatlarda hushdan  ketishi;

•so‘lakning ko‘p ajralishi;

•qo‘l  panjalarini  beo‘xshov  harakatlanishi;

•ko‘p terlash;

•og‘iz  bo‘shlig‘ida yallig‘lanish belgilari, oshqozon – ichak tizimida  ham  turli    kasalliklar alomatlari kuzatilishi mumkin.  

Nos  o‘smir   organizmiga salbiy  ta’sir  ko‘rsatib,  uni  ruhiy  va  jismoniy  qaramlikka  olib  keladi, shuningdek, diqqat - e’tibor, xotira, atrof-muhitni  idrok  qilish keskin  zaiflashadi, ular  serzarda, beqaror  bo‘lib  qoladilar,  xotirasi  yomonlashib, o‘qishga,  ishga,  hayotga  bo‘lgan  qiziqishlari  yo‘qolib  boradi. Nos  tarkibidagi  ohak  yemiruvchi  xususiyatga  ega  bo‘lganligi  sababli  qizilo‘ngach,  oshqozon - ichakning  shilliq pardalarini zararlab,  keyinchalik esa, o‘sma  kasalliklarining  rivojlanishiga  olib  keladi.

Nos  chekish og‘iz bo‘shlig‘i va  oshqozon-ichak tizimida saraton kelib chiqishining asosiy xavf  omili  bo‘lib  hisoblanadi.

Onkologlarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, til, lab va boshqa og‘iz bo‘shlig‘i organlari hamda halqumning rak bilan kasallanish hollarining 80 foizi nos chekishning oqibati ekan.

     Nos chekuvchilar    duch  kelgan  joyga  tuflab ketaveradilar. Bu umumiy madaniyatga  va  jamoat  gigiyenasiga  umuman to‘g‘ri kelmaydi.  Bu  bilan ular o‘z sog‘lig‘i  va  jamiyatdagi  o‘rnini  yo‘qotishadi. 

Mutaxassislar tomonidan olib  borilgan  tadqiqotlar  shuni  ko‘rsatadiki,   tamaki  mahsulotlarini  iste’mol  qilish  nafaqat  aholi  salomatligiga balki,  davlat  iqtisodiyotiga  ham  juda katta  zarar  keltiradi.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee