ACCESS Health International kompaniyasining rahbari Xala Zohid boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari virusli gepatit С ni davolash va oldini olish dasturlari bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarni birgalikda baholash, ushbu kasallikning oldini olish va davolash bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish va joriy etish uchun mahalliy sog‘liqni saqlash organlari va ilmiy muassasalar bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarni o‘zaro hamkorlik takliflarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Kecha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida qo‘mita raisi B.Yusupaliyev, gepatit kasalligi bo‘yicha mutaxassislar hamda ACCESS Health International kompaniyasi delegatsiyasi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ACCESS Health International kompaniyasi rivojlanayotgan mamlakatlarda tibbiy yordamning mavjudligi va sifatini yaxshilash yo‘lida ish olib boruvchi notijorat tashkilotdir. Jamg‘arma 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Singapurda joylashgan.
ACCESS Health International kompaniyasining asosiy maqsadi sog‘liqni saqlash tizimiga innovasion yondashuvlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, mahalliy tibbiyot xodimlarini o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun hukumat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga qaratilgan.
Tashkilot Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarida faol ish olib boradi. Bundan tashqari, turli tadqiqotlar olib boradi, aholining barcha qatlamlari uchun tibbiy yordamning mavjudligi va sifatini oshirishga qaratilgan dasturlar va loyihalar ishlab chiqadi.
Uchrashuvda hamkorlik yo‘nalishlari va ehtiyojlarni birgalikda baholash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. O‘zaro fikr almashildi. Chora-tadbirlar muhokama qilingan uchrashuv so‘ngida tomonlar gepatit С kasalligini davolash va uning oldini olish masalasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee