2024 yil 3-4 oktyabr kunlari Samarqand shahrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Jahon sog‘likni saqlash tashkilotining (JSST) Maqsadli jamg‘armasining “O‘zbekistonda Alimentarius Kodeksining barqaror faoliyatini ta’minlash uchun milliy salohiyatni mustahkamlash” loyihasi doirasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hududiy boshqarmalari soha mutaxassislari va ovqatlanish gigiyenasi sohasidagi ilmiy xodimlar uchun “Alimentarius Kodeksining oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini oshirishdagi roli va O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi tizimini baholash natijalari” mavzusidagi seminar o‘tkazildi. Seminarda JSST/ Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi va zoonoz kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi Peter Hoejskov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Alimentarius Kodeksi komissiyasiga 2005 yildan beri a’zo, 2023 yildan boshlab FAO va JSSTning Maqsadli jamg‘armasi grantining loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘tgan vaqt davomida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan SFS choralarini qo‘llash bo‘yicha bitim va Alimentarius Kodeksi standartlari talablariga muvofiq “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi hamda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga doir umumiy sanitariya va gigiyena talablari, ifloslantiruvchi ayrim moddalarning ruxsat etilgan maksimal darajalari, pestisidlarning va veterinariya dori vositalarining qoldiq miqdorlari, mikrobilogik mezonlar va oziq-ovqat qo‘shimchalarining normativlariga oid 6 ta SanQvaN loyihalari ishlab chiqildi.
Taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasini ilg‘or xalqaro amaliyot, JSST talablari va Alimentarius Kodeksi tavsiyalaridan kelib chiqqan holda isloh qilish, xalqaro prinsiplarni joriy etish, oziq-ovqat mahsuloti muomalasining birinchi bosqichidan to iste’molchiga yetkazib bergunga qadar xavfsizligini ta’minlash, vakolatli davlat organlarining oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi vazifalarini aniq belgilash, oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining davlat reyestrini yuritish, zarur gigiyenik amaliyot va zarur ishlab chiqarish amaliyoti, xavfni tahlil qilish va kritik nazorat nuqtalari (НАССР) tizimini qo‘llashi va samarali davlat nazoratini joriy qilishga qaratilgan.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee