Odam papillomasi virusi (Human papillomavirus, HPV) terida va shilliq pardalarda joylashuvchi keng tarqalgan virus guruhidir. Ular jinsiy aloqa orqali yuqadi, biroq u virusga chalingan organga tegilganda ham yuqishi mumkin. 200 dan ortiq HPV turlari mavjud bo‘lib, ulardan taxminan 30tasi genital organlarni infeksiyaga olib kelishi mumkin.
O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va eng keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni tufayli o‘limdan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar (15-44 yosh) orasida bachadon sartonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi. Shunday qilib, papilloma virusi kasalliklarining salmog‘i yuqori bo‘lib, uni oldini olish uchun samaradorligi yuqori va xavfsiz bo‘lgan odam papilloma virusi vaksinasi bilan emlash samarasida bachadon saratonining kamayishi kuzatilayapti.
JSSTning ma’lumotlariga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 1660 ta ayollar bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Odam papillomasi virusiga qarshi emlash ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishning samarali usullaridan biri hisoblanadi. O‘smir yoshdagi qizlarni rejali emlash kelajakda 1100 ta kasallanish holati va bachadon bo‘yni kasalligidan 585 ta o‘lim holatlarining oldini olishga yordam beradi. OPVga qarshi rejali emlash 92 davlatda, ular orasida JSST Yevropa mintaqasidagi 36 davlatda ham qo‘llanib kelinmoqda. Bachadon bo‘yni saratoni oldi jarayonlarini kamaytirishdagi emlashning yuqori samarasi klinik sinovlar davrida, shuningdek bu vaksina ko‘p yillardan beri qo‘llanib kelinayotgan davlatlar (Avstraliya, Kanada, Daniya, Irlandiya, Shvesiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Shotlandiya, AQSH) misolida ko‘ringan.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee