Odam organizmiga shifobaxsh ta’sir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish ayniqsa, o‘z vaqtida va me’yorida, zarur bo‘lganda esa parhezbop taomlar iste’mol qilish muhimdir.
Baliq inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib iste’mol qilinadi. Ayniqsa, tez hazm bo‘lishi va parhezbopligi baliqning qiymatini yanada oshiradi. Baliq go‘shti tarkibida juda ko‘p vitamin va mikroelementlar saqlanishi tufayli biologik qiymati ham mol va qo‘y go‘shtidan yuqori turadi. Baliq go‘shtining 100 grammida inson salomatligi uchun kerak bo‘ladigan bir kunlik — 0,2 milligramm yod saqlanadi.
O‘zida oqsil, vitamin, minerallar, ayniqsa, temir, yod, magniy, fosfor, ruhni saqlagan bu jonzot go‘shtini ko‘p va xo‘b yeng, sababi baliq odamni semirtirmay, organizmga kerakli quvvatni bera oladi. Baliqdan ko‘plab foydali moddalar, shuningdek organizm uchun zarur bo‘lgan Omega - 3 yog‘ kislotalari mavjud. Ular quyidagi foydali xususiyatlarga ega.
Shuningdek baliqni istemol qilish bir qancha kasalliklarga koni foyda xisoblanadi: yurak kasalliklari havfini kamaytiradi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, uyquni yaxshilaydi, revmotoid artiritni yengillashtiradi, xolesterin darajasini kamaytiradi, modda almashinuvini tezlashtiradi, qon bosimini pasaytiradi, nevrologik kasalliklarda, erkaklarda jinsiy quvvatni oshiradi, jigar uchun foydali xisoblanadi.
Baliqni bolalarga haftada 2 marta tayyorlab bersangiz, raxit, kariyes, soch to‘kilishi, buqoq dardlaridan asraysiz.
Odatda, daryo balig‘ini qovurib iste’mol qilamiz. Ammo bunda yurak va tomirlarga qancha zarar borishini bilasizmi? Bu ko‘rinishda baliq nafsni siylagani qoladi. Organizmga foyda berishi uchun bugundan boshlab baliqni ziravorlar qo‘shib qaynatma sho‘rvaga solib, yoki gaz pechida pishirib, kotlet tayyorlab yeyishga o‘rganing. Ammo qovurma baliqqa ko‘ngil ketaversa, zaytun moyida yengil qovurib, dimlab qo‘ygan ma’qul, vitamin-minerallari saqlanib, tanga darmon bo‘ladi.
Baliq olayotganingizda avvalo uni tanlay bilish lozim, yangi tutilgan, sarxil baliqning et qismi oq yoki nimpushti, turiga qarab qizil rangda bo‘ladi. Baliq tanlaganda barmoq bilan tanasiga bosib ko‘ring, ezganda xuddi rezinka singari o‘z holiga darrov qaytsa, u yangi. Yana hidiga ham ahamiyat bering, o‘tkir hidli, go‘shti yashil yoki sarg‘ish bo‘lsa, yaqinlashmang. Sovutgichda xom baliq 3 kun, muzxonada bir necha oygacha bemalol saqlanishi mumkin.
Baliqning go‘shtidan tashqari uning moyi ham organizm uchun koni foyda hisoblanadi.
Baliq moyidagi D vitamini organizmga kalsiy va fosforning o‘zlashishini faollashtiradi. D vitaminisiz kalsiyga boy mahsulotlar ham foydasiz bo‘ladi. Ayniqsa, qish mavsumida. Chunki D vitamini quyosh nuri ta’sirida organizmga sintezlashadi. Bundan tashqari, D vitamini asab sistemasini tinchlantiradi va tutqanoq tutib qolishidan asraydi.
Baliq moyidagi retinol yiringlagan yarani davolaydi.
Retinol — A vitamini ko‘z, shilimshiq bezlar, shilliq pardalar, teri qoplami, soch ildizi, tirnoq qatlami va jarohatli organlar uchun tengsiz shifobaxsh elementdir. Ma’lumki, yuqorida keltirilgan organizmlarda A vitamini yetishmasligi oqibatida quruqlashish, yorilish, yallig‘lanish va po‘st tashlash holatlari kuzatiladi. Bu holatdan qutulish uchun esa sizga baliq moyi yordam beradi. Hattoki gazaklagan, yiringlagan jarohatni davolash uchun ham bu moydan foydalanish mumkin. U yiringni tozalab, jarohatning tez bitishiga yordam beradi.
Soch va tirnoqlarni o‘z holiga qaytarish uchun ham baliq moyidan foydalanish mumkin. Buning uchun undan har kuni 1 mahal, uxlashdan oldin soch va tirnoqlaringizga niqob tortsangiz, kifoya.
A provitaminining yordami bilan tanadagi allergiyani ham daf qilish mumkin. Buning uchun allergiya toshmalariga baliq moyi surtsangiz, undan xalos bo‘lasiz.
BALIQ GO‘SHTI KIMLARGA TAVSIYA ETILMAYDI?
Allergik xastaliklar, qonda kalsiy darajasi yuqori bo‘lgan odamlarga, buyragi tez-tez og‘riydigan bemorlarga, o‘pka silida baliq un
chalik tavsiya etilmaydi.
Baliqning boshi yoki ko‘zini yeyish mumkinmi?
Ko‘plar baliq boshini yeyishga ishtiyoqmand bo‘ladi. Ba’zilar esa bunga jazm qilolmaydi. Albatta, baliq boshida xuddi tanasi kabi foydali darmondorilar bor. Lekin baliq o‘ziga tez gijja ilg‘ab olishini ham inobatga olish kerak. Gijjaning aksariyat qismi aynan boshda to‘planadi. Shuning uchun baliq boshini yemoqchi bo‘lsangiz, qovurishdan avval, tuzli suvda obdon ivitib, suvda 1 soat qaynatib, keyin qovurish kerakligini yodda tuting. Xuddi shu narsa baliqning ko‘ziga tegishli.
Me’yoriy ravishda baliq iste’mol qilish, qonning ivish jaryonini tartibga soladi, qonda zararli xolesterin miqdorini kamaytiradi va tomirlar torayishi va tiqinlar paydo bo‘lishining oldini oladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee