Tez orada yangi yilni kutib olish uchun to‘kin dasturxon yozamiz. Bunday vaqtda ko‘pchilik bekalar yoz bo‘yi kuyib-pishib berkitgan bankalarini ochib dasturxonga qo‘yishga harakat qiladi. Afsuski aynan mana shu bayramlarga boy kuz-qish-bahor mavsumlarida botulizmdan jabr ko‘rgan ko‘pgina hamyurtlarimiz shifoxonaga tushib qolishadi.
To‘g‘ri, uyda bekalarimiz tayyorlagan mahsulotlar dasturxonga ko‘rk bag‘ishlashi mumkin. Biroq, ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Uy sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan botulizm zahari bilan zararlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanishlarning eng og‘ir turi – botulizm kasalligiga duchor bo‘lish mumkin.
Ehtiyotkorlik - profilaktikada muhim qadam
Botulizm o‘zi nima? Bu ovqatdan zaharlanishning bir muncha og‘ir va o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan turi hisoblanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi kislorodsiz sharoitda rivojlanadi va o‘zidan zahar ishlab chiqaradi.Uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda hamma ham zarur texnologik jarayonlar, sanitariya va shaxsiy gigiyena qoidalarga to‘liq rioya qilmaydi. Natija esa o‘zingizga ma’lum...
Garchan botulizm qo‘zg‘atuvchilari kislorodli sharoitda nobud bo‘lsa-da, botulizm bilan zararlangan sabzavotlar, qo‘ziqorin, go‘sht, baliq konserva mahsulotlari ochilganda ham ular ishlab chiqargan zahar saqlanib qoladi. Zaxarga tashqi muhit omillari ta’sir etmaydi.
Aynigan mahsulotni qanday bilamiz?
Botulizm bilan zararlangan konserva mahsulotlarining tashqi ko‘rinishi va ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Ayrim holatlarda esa idishning qopqog‘i “shishishi” mumkin. Bunday mahsulotlarni umuman iste’mol qilish yaramaydi. Afsuski, ayrim uy bekalari konservalangan sabzovotni ochib, bir necha daqiqa qaynatgach, ovqatga ishlatsa bo‘ladi, deb hisoblaydi. Bu fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Bunday “tejamkorlik” kimning yoki kimlarningdir salomatligiga jiddiy putur yetkazishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkin.
Botulizmdan zaharlangan odamda kasallik belgilari ikki soat o‘tib, yoki sakkiz-o‘n kun davomida paydo bo‘ladi. Zahar asosan markaziy nerv tizimini falajlaydi, natijada nafas olish qiyinlashadi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq kuzatiladi. Jismlar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlarini osilib qolishi (ptoz), yutish qiyinlashishi va gapirish qobiliyati pasayishi, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kasallikning klinik belgilari hisoblanadi.
Zaharga qarshi zardob juda zarur
Kasallikni uy sharoitida o‘z bilganicha davolash qat’iyan man etiladi. Botulizmdan zaharlanish sodir bo‘lganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur. Hozirda tibbiyotda zaharga qarshi maxsus zardoblar mavjud bo‘lib, bemorga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilsa bu holat asoratsiz kechishi mumkin.
Aksariyat kasalliklar singari botulizmning oldini olish ham insonning o‘z qo‘lida. Bugungi kunda zamonaviy tibbiyot xonadon sharoitida bodring, pomidor, pattison marinadlari, baklajon ikrasi kabi konserva mahsulotlarini tayyorlash va iste’mol qilishni tavsiya etmaydi.
Agar oila a’zolaringiz, farzandlaringiz sog‘lom bo‘lishini istasangiz, iste’mol uchun yaroqsiz konserva mahsulotlaridan voz keching. Ayniqsa, bozorlar, ko‘cha-kuylardagi noqonuniy savdo rastalarida sotilayotgan konservalangan mahsulotlarni xarid qilmang.
Shuni unutmaslik kerakki, avvallari ham onalarimiz uy sharoitida pomidordan qoqi, uzum, shaftoli, o‘rik, behi kabi mevalardan esa qiyom, bodring, pomidor, karamdan esa sirli idishlarda tuzlamalar tayyorlashgan. Bu xolda tayyorlangan qiyom va tuzlamalarni iste’mol qilish xavfsizdir.
Bugun yurtimizdagi qaysi bir savdo majmuasi va bozorga kirsangiz, belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilgan konserva mahsulotlarining barcha turlari bisyor. Ushbu mahsulotlarning sifati muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlangan.
Unutmang, har birimiz o‘zimiz va oila a’zolarimiz salomatligi uchun mas’ulmiz!
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee