Respublika hududiga yangi biologik faol qo‘shimchalar (BFQ/BAD) chetdan olib kirish hamda ishlab chiqarishga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 131-sonli qarori talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 30 avgustdagi «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonunning 2-moddasida BFQ/BADlar quyidagicha ta’riflangan:
ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar — oziq-ovqat xom- ashyosini qayta ishlash yo‘li bilan yoki sun’iy usulda hosil qilingan hamda bevosita ovqat bilan birga iste’mol qilishga yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shishga mo‘ljallangan tabiiy yoxud tabiiyga aynan o‘xshaydigan BFQ/BADlarning konsentratlari hisoblanadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qiladiki, BFQ/BADlar ba’zi OAVlarida targ‘ib qilinayotgandek, davolovchi vosita, ya’ni dori emas, negaki, uning tarkibidagi faol moddalar miqdori (dozasi) terapevtik dozaga nisbatan bir necha barobar past bo‘lib, asosan organizmning mikronutriyentlarga bo‘lgan sutkalik (fiziologik) ehtiyojini ta’minlashga mo‘ljallangan.
Mabodo fuqorolar BFQ/BADlarni sotib omoqchi bo‘lsalar yoki aniq ma’lumotga ega bo‘lishni istasalar savdo xodimlari yoki dorixonalar provizorlaridan mahsulotga tegishli bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 apreldagi 131-sonli qaroriga muvofiq olingan “Ruxsatnoma”ni talab qilishlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining rasmiy sanepid.uz veb saytidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Har xil OAV yordamida (ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar) turli yolg‘on va aldovlar, masalan: Bizning mahsulot zo‘r davolaydi, 3 oyda foydasini sezasiz agar mahsulot foyda bermasa pulingizni qaytaramiz kabi mijozlarni chalg‘ituvchi yo‘llar bilan sotilayotgan mahsulotlardan ehtiyot bo‘ling, mabodo shunday firibgarlik yo‘li bilan sotilgan mahsulotlarga duch kelsangiz “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi”ga hamda huquq tartibot organlariga murojat qiling.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee