Yangiliklar

2024-05-31

BRIFING: OITS KASALLIGIGA QARSHI KURASHISH BORASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR

topics-img

Respublikamizda OITS kasalligiga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV infeksiyasi epidemiyasiga barham berishni ko‘zda tutuvchi “95-95-95” strategiyasi doirasida OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilish maqsadida ma’muriy hududlardagi mahalliy byudjet mablag‘laridan 280 ming nafardan ortiq aholi ekspress test tahlilidan o‘tkazildi.

Respublika byudjet mablag‘idan ekspress testlar xarid qilinib, tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga yetkazilib, 1 mln.dan ortiq aholi OIV infeksiyasiga tekshirildi.

OIV bilan yashovchi shaxslarni davolash bilan qamrab olish darajasini 95 foizga yetkazish maqsadida Davlat byudjeti, OITS, bezgak va silga qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma hisobidan retrovirusga qarshi dori vositalari, davolash jarayonini monitoring qilishda qo‘llaniladigan reagentlar, OIVga tekshiruvlar o‘tkazish uchun tasdiqlovchi test-sistemalar xarid qilindi. Natijada qariyb 42 ming nafar bemor retrovirusga qarshi terapiya bilan qamrab olindi.

OITSga qarshi kurashishda OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini olib borish, real vaqt rejimida dori vositalari, test-tizimlari va boshqa vositalarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimi yaratilib, ishga tushirildi.

Bugungi kunda mazkur axborot tizimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasi bilan kasallangan bolalarga tayinlanadigan nafaqalar avtomatik tarzda belgilanib, ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarga (hujjat to‘plash jarayoni) chek qo‘yildi.

Adliya vazirligi FHDYO organlarining elektron axborot tizimi bilan integratsiya qilish orqali nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘riklari to‘g‘risida o‘zaro elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda axborot tizimi Ichki ishlar vazirligining elektron axborot tizimi bilan integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Elektron axborot tizimi quyidagi imkoniyatlarni beradi:

OIV aniqlangan bemorlarga oid personal ma’lumotlarning aniqligi;

Olib borilayotgan barcha ishlarning shaffofligi ta’minlanishi, mavjud ma’lumotlarni qisqa muddatda olish va foydalanish mumkinligi;

Davlat statistik hisobotlarini to‘g‘ri, o‘z vaqtida shakllantirilishi;

Shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi (himoyalangan serverda joylashgan);

Tibbiyotning barcha tizimlari va boshqa tashkilot/idoralarning axborot tizimlariga integratsiyasi orqali kerakli ma’lumotlar almashinuvi imkoni;

Hujjatlarni qog‘oz ko‘rinishida yuritishda vaqt sarflanmasligi;

OIV bilan yashayotgan, vafot etgan hamda fuqarolikdan chiqib ketgan shaxslar to‘g‘risida real vaqt rejimida ma’lumotlarni olish imkoni borligi;

OIVni davolash, unga tashxis qo‘yishda qo‘llaniladigan dori vositalari hamda diagnostikum va sarflov materiallar sarfi, qoldig‘i to‘g‘risida real vaqt rejimida ma’lumot olish imkoniyati mavjudligi.

Aholi gavjum joylarda (aeroport, poyezd, avtobus, metro, supermarket va bozor) OIV infeksiyasi bo‘yicha aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy videoroliklar namoyish etildi. Turli muassasalarda esa 12 turdagi vizual targ‘ibot materiallari joylashtirildi.

Onadan bolaga OIV infeksiyasining yuqishini oldini olish maqsadida homilador ayollar OIV infeksiyasiga tekshirishlar 100 foizga qamrab olinmoqda. OIV aniqlangan holatda, homilador dispanser hisobiga olinib, retrovirusga qarshi dori vositalari berilmoqda. Shuningdek, OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish dasturiga muvofiq OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan olti oylikkacha bo‘lgan bolalar quruq sut aralashmalari bilan ta’minlanmoqda. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassislari “Saratonga qarshi kurash jamiyati” nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda

OITSga qarshi kurashish markaziga kela olmaydigan va retrovirusga qarshi davolashdan voz kechgan bemorlarga tibbiy-psixologik ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Bu kabi tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee