Yangiliklar

2025-03-04

BRIFING: OITSGA QARSHI KURASHISHNI RAQAMLASHTIRISH BO‘YICHA OLIB BORILAYOTGAN ISHLAR

topics-img

Bugun AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida “OITSga qarshi kurashishni raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

Respublikamizda OIV infeksiyasiga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumatning tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi.

Birlashgan millatlar tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OITS epidemiyasiga barham berish uchun “95-95-95” strategiyasi olg‘a surilgan va uning doirasida OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishlari, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishi, 95 foizining qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishi kerakligi belgilangan.

OIV bilan yashovchi shaxslarni davolash bilan qamrab olish darajasini 95 foizga yetkazish maqsadida Davlat byudjeti, Global jamg‘arma hisobidan retrovirusga qarshi dori vositalari, davolash jarayonini kuzatishda qo‘llaniladigan reagentlar xarid qilindi. Natijada qariyb 45 ming nafar, ya’ni bemorlarning 89 foizi retrovirusga qarshi maxsus terapiya bilan qamrab olinib, 86 foizining qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushdi va ulardan boshqalarga kasallik yuqishining oldi olindi.

OIV infeksiyasini erta bosqichlarda aniqlashga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga OIVga klinik va epidemik ko‘rsatmaga asosan tahlil o‘tkazish maqsadida markazlashgan holda 40000 dona tezkor-testlar xarid qilinib tarqatildi.

OIV infeksiyasining retrovirusga qarshi preparatlarga chidamli shtammlarini o‘z vaqtida aniqlash bilan bog‘liq tadqiqot, jumladan test-tizimlarini xarid qilish ushbu tadqiqotga jalb etilgan mutaxassislarni moliyalashtirish uchun Global Jamg‘arma dasturi doirasida jami 110,0 ming AQSH dollari ajratilishi ta’minlandi.

“95-95-95” maqsadlariga erishish uchun raqamlashtirish ishlari jadallik bilan olib borilib, OITSga qarshi kurashish markazlari elektron axborot tizimi modernizatsiya qilinmoqda. Mazkur tizimning yo‘lga qo‘yilishi bilan aholining OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishdan boshlab, kasallik aniqlanganda ularga ko‘rsatiladigan barcha tibbiy xizmatlar yelektron tizim orqali amalga oshirilmoqda. Bunda nafaqat tibbiyot xodimlariga balki, OIV bilan yashovchilarga xam bir qator qulayliklar yaratildi. Bunga misol tariqasida OIV bilan yashovchi shaxs respublikaning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’iy nazar o‘ziga yeng yaqin bo‘lgan OITSga qarshi kurashish markazi yoki yuqumli kasalliklar xonalarida ortiqcha yo‘llanma yoki boshqa xujjatlarni taqdim etmasdan tegishli tibbiy xizmatlarni olishlari (“chegarasiz tibbiy xizmat ko‘rsatish”)  imkoni yaratildi.

Shuningdek OIV bilan yashovchi shaxslar bilan doimiy muloqot maydonini yaratish maqsadida “mobil ilova” ishlab chiqish ishlari boshlangan bo‘lib, bemorlarga masofadan turib, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda retrovirusga qarshi davolanishga sodiqligi past bo‘lgan OIV bilan yashovchi bemorlar, OITSga qarshi kurashish markaziga kela olmaydigan bemorlarga tibbiy-ijtimoiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatilmoqda. O‘tgan yil davomida 30 ming martadan ortiq psixologik yordam ko‘rsatildi.

Aholini OIV infeksiyasi bo‘yicha xabardorligini yanada oshirish uchun innovasion usullar tadbiq etilmoqda. OIV infeksiyasi va uning oqibatlari to‘g‘risida muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga dolzarb mavzularga oid ma’ruza matnlari tayyorlab berildi va Respublika masjidlarida imom-xatiblar tomonidan OIV infeksiyasini oldini olish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek havo, temir yo‘l, avtransport vokzallarida va ularning kutish zallarida mavjud axborot yetkazish tizimlari orqali targ‘ibot qilish bo‘yicha Transport vazirligiga 12 turdagi videomateriallar taqdim etilib, joylarda muntazam namoyish etilmoqda.

OIV infeksiyasi yuqishi va tarqalishi ehtimoli yuqori bo‘lgan guruhlar orasida profilaktik tadbirlarini, targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish uchun jami 8 ta nodavlat notijorat tashkilotlari jalb etildi hamda Global jamg‘armaning jami 0,55 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan beg‘araz texnik ko‘mak mablag‘lari ajratilishi ta’minlandi.

Istiqboldagi rejalar

1.  2027 yilga borib OIVni onadan bolaga yuqishini bartaraf etishga erishish;

2.  OITSga qarshi kurashish xizmati, sog‘liqni saqlashning boshqa xizmatlarini axborot tizimlari bilan integratsiya, idoralararo axborot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish;

3.  JSSTning tavsiyalari asosida OIV infeksiyasi bo‘yicha profilaktika, diagnostika davolash protokollarini doimiy yangilab borish;

4.  Aholini OIVga tekshirish bilan qamrab olish ko‘lamini oshirib borish; OIVga ekspress test va o‘z-o‘zini tekshirish usulini amaliyotga keng joriy etish;

5.  Migrantlarni OIV infeksiyasiga o‘z vaqtida va maqsadli tekshirish, natijador profilaktik dastur mexanizmini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

@sanepidcommittee