BRIFING: OSIYO TARAQQIYOT BANKI VA OSIYO INFRATUZILMAVIY INVESTISIYALAR BANKI ISHTIROKIDAGI “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA KORONAVIRUS COVID-19 INFEKSIYASIGA QARSHI SHOSHILINCH CHORALARNI KO‘RISH” LOYIHASI BO‘YICHA BAJARILGAN ISHLAR
AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki ishtirokidagi “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasi bo‘yicha bajarilgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
Butun dunyoda kuzatilgan pandemiya bir qator mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish va ularni oldini olishda sanitariya-epidemiologiya sohasining ham moddiy texnik bazasini mustahkamlash zarur ekanligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Sanitariya-epidemiologiya sohasini rivojlantirish, moddiy texnik bazasini mustahkamlash, kadrlarni zamon talablariga mos ravishda tayyorlash maqsadida bir nechta Farmon va qarorlar imzolandi. Jumladan Prezidentimizning “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki ishtirokida infeksiyalarga qarshi kurashish loyihasining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-310-sonli qarori bilani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda uning qoshidagi barcha muassasalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha loyiha imzolandi.
Tasdiqlangan ushbu loyihaning umumiy qiymati 200,0 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 100,0 mln. AQSH dollari Osiyo taraqqiyot banki hissasiga, 100,0 mln. AQSH dollari esa Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mablag‘larga 204 ta muassasalarni soha rivoji uchun zarur bo‘lgan, xalqaro standartlarga javob beradigan asbob-uskunalar, jihozlar va tez yordam avtotransport vositalarini xarid qilishga, 46 ta muassasalarda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga, 5 000 nafar xodimlarni xalqaro standartlarga javob beruvchi 204 ta muasassalar kesimida “Yuqumli kasalliklarning epidemiologik monitoringi”, “Axborot” va “Laboratoriya axborot” tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida 2024 yilda 1 000 dona “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari sotib olinib, foydalanishga topshirildi. 14 ta yuqumli kasallik shifoxonalariga mo‘ljallangan umumiy qiymati 2,6 mln. AQSH dollariga teng jami 25 turdagi 242 ta asbob-uskunalar yetkazib berildi. Bulardan tashqari umumiy qiymati 28,5 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan jami 60 turdagi asbob-uskunalarga texnik talablar shakillantirilib xarid jarayoni yakunlandi va yetkazish jarayoni olib borilmoqda.
2 ta Respublika miqyosidagi muassasalar, 1 ta Sanepidqo‘mitaning hududiy boshqarmasi, 2 ta hududiy OITSga qarshi kurashish markazlari, 16ta Sanepidqo‘mitaning tuman (shahar) bo‘limlari – jami 21 ta muassasalarda yangi qurilish bo‘yicha loyiha – smeta hujjatlari ishlab chiqildi va ekspertizaga taqdim etildi. Rekonstruksiya ishlarining tugatilishi 2026- yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee