Virusli Gepatit A kasalligi bolalar o‘rtasida
uchraydigan yuqumli kasallik bo‘lib, jigar to‘qimalarini shikastlanishi bilan
kechadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra respublikamizda joriy yilning hoziriga
qadar 9507 nafar bola Gepatit A kasalligini yuqtirib olgan.
Kasallanish ko‘rsatkichlarining o‘sishi Andijon, Buxoro, Namangan,
Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston
Respublikasida kuzatilmoqda.
Gepatit A kasalligiga qarshi emlash 94-98 foiz
holatlarda virus yuqishini oldini oladi va emlashdan keyin kuzatilishi mumkin
bo‘lgan jiddiy asoratlar kuzatilmaydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotininig tavsiyasiga
ko‘ra, ushbu vaksinaning xavfsizligi va sifatini kafolatlovchi sertifikatlari
mavjud bo‘lib, vaksinatsiya bir marotaba qo‘llaniladi, qayta emlash ishlari
talab etilmaydi. Virusli gepatit A kasalligiga qarshi asosan, 18 oylikdan 14 yoshgacha bo‘lgan
bolalar emlanadi. Virusli gepatit “A” vaksinasi bilan emlanganidan so‘ng 15 yilgacha muddatda immunitet
tarangligi saqlanib qoladi.
O‘tgan yilning 12 oyi davomida respublika bo‘yicha
jami 365 167 nafar bolalar virusli gepatit A kasalligiga qarshi vaksina bilan
emlangan.
Shuningdek,
nogiron, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 14 yoshgacha
bo‘lgan bolalarini ushbu kasallikka qarshi emlash maqsadida Qashqadaryo viloyati, Toshkent viloyatining
O‘rta Chirchiq tumani va Toshkent shahri hokimliklari tashabbusi bilan
virusli Gepatit A vaksinasini xarid qilish uchun mahalliy byudjetdan jami 4 mlrd so‘mdan ko‘proq miqdorida
mablag‘lar ajratilib, 24 765 nafar
bolalar kasallikka qarshi emlangan.
Hurmatli ota-onalar farzandlaringiz ushbu kasallikni
yuqtirib olmasliklari uchun avvalo ularni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya
qilishga o‘rgating va ularni Gepatit A ga qarshi o‘z vaqtida emlating. Har bir
ota-ona farzadining salomatligi uchun mas’ul ekanligini unutmang!
Sanepidqo`mita
Axborot
xizmati
@sanepidcommittee