Yangiliklar

2023-11-30

BUTUNJAHON OITSGA QARSHI KURASHISH KUNIGA BAGʻISHLANGAN MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI

topics-img

Bugun poytaxtimizda 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

 Anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasida OITSga qarshi kurashish markazi  mutasaddi xodimlari va OIV bilan yashaydigan o‘smirlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash guruhi vakili hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasida OITSga qarshi kurashish markazi direktori B.Igamberdiyev «O‘zbekiston Respublikasida OIV bo‘yicha vaziyat, amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar», UNAIDSning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Charos Maksudova «Dunyoda, Sharqiy Yevropada va Markaziy Osiyo mintaqasida OIV bo‘yicha epidemik vaziyat», Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi, sog‘liqni saqlash koordinatori Akmal Maxamatov  «O‘zbekiston Respublikasida OIV bo‘yicha elektron kuzatuv axborot tizimining amaliyotga tadbiq etishi», Xalqaro Muruvvat Tashkiloti «Chegara bilmas shifokorlar», tibbiyot referenti Nazgul Samiyeva «OIVga tekshiruvdan o‘tish va davolanish bo‘yicha imkoniyatlarni kengaytirish» yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etishdi.

Ta’kidlanganidek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun «95-95-95» strategiyasi olg‘a surilgan bo‘lib, uning doirasida OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘zining OIV statusini ya’ni organizmida OIV mavjudligini bilishi, 95 foiz OIV yuqtirib olganlar maxsus davolash kurslari (RQT) bilan qamrab olinishlari hamda 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish maqsadi belgilangan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, OIV infeksiyasi bilan kasallangan bemorning qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishilsa, uning kasallik yuqtirishi cheklanadi va atrofdagilar uchun xavfli hisoblanmaydi, ya’ni bu kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfi kamayadi. Bu maqsadlarga erishish uchun respublikamizda 177 ming nafardan ortiq aholi o‘rtasida Ekspress test bilan OIVga tezkor tekshiruvlar o‘tkazildi. Ushbu maqsadda respublika byudjeti va mahalliy mablag‘lardan ekspress testlar xarid etilgan.

Anjumanda Davlat byudjeti hamda OITS, bezgak va silga qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qariyb 7 million AQSH dollari miqdorida retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilinib, 40 ming nafardan ortiq bemor virusga qarshi terapiya bilan qamrab olingani ta’kidlab o‘tildi.

 Respublika OITSga qarshi kurash markazi hamda FHDYO organlari axborot tizimi integratsiya qilinishni natijasida nikohlanuvchilarning OIVga tibbiy tekshiruv jarayoni qulay va sodda holatga olib kelindi. OIV bo‘yicha Elektron axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasining elektron bazasi bilan integrasiya qilinib, hozirgi kunda OIV infeksiyasi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanib, ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarga (hujjat to‘plash jarayoni) chek qo‘yildi.

 Ushbu infeksiya bilan yashovchi onalardan tug‘ilgan bolalarga OIVning vertikal yo‘l bilan yuqishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni infeksiyaga tekshirishlar 100 foiz qamrab olinmoqda. OIV aniqlangan holatda, homilador dispanser hisobiga olinib, retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi. Homiladorlik davridagi immunologik ko‘rsatkichlar va virus yuklamasi laboratoriyada tekshirib borilib, tug‘ruq kesar kesish usulida amalga oshiriladi. Homilador qonida virus yuklamasiga (miqdori) ko‘ra tug‘ruq tabiiy yo‘l bilan ham aamlga oshirilishi mumkin. Tug‘ilgan bolaga profilaktika maqsadida retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi. Bundan tashqari, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan 700 nafardan ortiq bola olti oylik bo‘lguncha quruq sut aralashmalari bilan ta’minlanmoqda. Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishini bartaraf etishga erishish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

 Respublika OITSga qarshi kurashish markazi va “Chegara bilmas shifokorlar” Xalqaro muruvvat tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Mobil laboratoriya” joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida Toshkent shahar va viloyati hududlarida jami 164 ta chiqishlarni amalga oshirildi. Ushbu chiqishlar davomida jami 5551 nafar fuqarolar (asosan ichki migrantlar) OIV, VGS va sifilisga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijalariga ko‘ra jami 437 nafar shaxslarda (41 nafarida OIV, 302 nafarida VGS va 94 nafarida sifilis) musbat natija qayd etildi (tekshirilgan shaxslar soniga nisbatan aniqlanish ko‘rsatkichi 7.9%). Ushbu aniqlangan musbat natijali shaxslarning barchasi bilan navbatdagi diagnostik tekshiruvlar va davolash ishlari olib borilishi uchun tegishliligi boyicha yollanmalar berildi. Bu kabi tizimli ishlar davom ettirilmoqda.

 

 Anjumanda OIV bilan yashaydigan osmirlar va yoshlarni qollab-quvvatlash guruhi vakili Elina Kruglova sozga chiqdi. U OIV bilan yashaydiganlar nomidan atrofdagilarning qarashi, munosabati yuzasidan fikrlarini bildirib otdi.

 Anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee