Difteriya o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, kasallikni birinchi navbatda tomoq va yuqori nafas yo‘llarini yallig‘lash bilan birga toksin ishlab chiqarib, boshqa organlarni zararlovchi difteriya tayoqchalari keltirib chiqaradi.
Kasallik belgilari
Toksik difteriya - eng og‘ir shakllaridan biri. Kasallik tana haroratining 40 darajagacha ko‘tarilishi, kuchli intoksikatsiya, tomoqda og‘riq, ayrim hollarda bo‘yin va qorinda og‘riq bilan shiddatli boshlanadi. Tomoq qizaradi, shishadi, parda tez kattalashadi, 2-3-kuni bodomcha, tanglayning yumshoq to‘qimalari, tilcha va yonlari oqish, kulrang, qalin parda bilan qoplanadi.
Burundan nafas olish qiyinlashadi, qonli shilliq ajralmalar keladi, ayrim hollarda shilliq qavatlarda parda hosil bo‘ladi, ovoz bo‘g‘iq bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan og‘izdan shirin hid keladi. Bo‘yindagi barcha limfa tugunlari kattalashadi. Toksik difteriyaning birinchi darajasida shish bo‘yinning yarimigacha kelsa, ikkinchi darajasida o‘mrov suyagigacha, uchinchi darajasida esa shish o‘mrov suyagidan ham pastga tushadi.
Insoniyat tarixida bir necha davlatlarda difteriya kasalligining dahshatli epidemiyalari ayniqsa bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tganligi yozib qoldirilgan. Difteriya kasalligiga qarshi emlash darajasi kam bo‘lgan davlatlarda haligacha bolalar sog‘lig‘i uchun kuchli ta’sir o‘tkazuvchi muammo bo‘lib kelmoqda. Difteriya kasalligiga qarshi emlanganlik darajasi yuqori davlatlarda, tabiiy holda kasallikni yuqtirish juda kam bo‘lib, ko‘proq difteriya kasalligiga qarshi immuniteti pasaygan aholining katta yoshdagi qatlamlarida uchraydi.
Kasallikni oldini olish
Difteriya kasalligini adsorsiyalangan difteriya anotoksini (AKDS, ADS, ADS-M, AD-M va ular aralashgan boshqa anologlari) bilan aktiv emlash yordamida oldini olish mumkin. Vaksina odamni kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan muloqotda bo‘lganda to‘liq himoyalamaydi, lekin kasallikni og‘ir shakllarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Difteriya kasalligining eng samarali profilaktikasi aholi o‘rtasida difteriyaga qarshi keng ko‘lamda emlashdir. Afsuski difteriya kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda har doim ham immunitet paydo bo‘lmaydi. Shuning uchun, difteriya kasalligi bilan og‘rib sog‘aygan bemorlar difteriya anotoksini bilan emlashni oxirigacha olishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi profilaktik milliy emlash kalendariga asosan, 3 martalik emlash bolaning 2 oyligidan boshlash tavsiya etiladi (2, 3 va 4 oyligida kamida 4 hafta oralig‘i bilan). Agar emlash uzilib qolsa, birinchi o‘tkazilgan emlashlar qayta o‘tkazilmaydi.
1-7 yoshgacha emlanmagan bolalar uchta AKDS dozasini olishlari tavsiya etiladi. Bunda birinch va ikkinchi emlashlar orasi 2 oy bo‘lishi, ikkinchi va uchinchi emlashlar oralig‘i 6-12 oy bo‘lishi kerak.
7 yoshdan katta bolalarga va kattalarga hamda homlador ayollarga difteriya anotoksinini kam saqlovchi ADS-M vaksinasi tayinlanadi. 7 yoshdan katta emlanmagan shaxslarga uchta AKS-M dozasini olishlari shart. Bunda birinchi va ikkinchi emlashlar orasi 1-2 oy bo‘lishi, ikkinchi va uchinchi emlashlar orasi 6-12 oy bo‘lishi kerak. Difteriya komponentlarini saqlovchi bir doza vaksina 0,5 ml bo‘lib, chaqaloqlarga son sohasi mushakning tashqi qismiga, katta yoshdagi bolalarga va kattalarga yelka sohasi deltasimon mushakka yuborilidi.
Yosh bolalarda difteriyaga qarshi jamoviy immunitet keng qamrovda bo‘lishi aholi o‘rtasida difteriya kasalligini tarqalib ketishini oldini oladi. Lekin birlamchi emlashlarni to‘liq olmaganligi, vaksinaning immunogenligini pastligi yoki difteriya anotoksiniga irsiy cheklovlarning bo‘lishi kattalar orasida difteriya kasalligini uchrab turishiga sabab bo‘ladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee