Yangiliklar

2025-02-19

GEPATIT A QANDAY KASALLIK?

topics-img

Gepatit A kasalligi haqida aholini qiziqtirgan savollarga  Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi  epidemiologiya va yuqumli kasalliklar profilaktikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Klara Radjapbayeva batafsil javob berdi.

Virusli gepatit A kasalligi hozirgi kunda butun dunyo bo‘yicha keng tarqalgan virusli gepatit hisoblanadi. JSST ma’lumotiga ko‘ra dunyoda har yili 1,5 million odam ushbu kasallikka chalinadi. Virusli gepatitning A turi keng tarqalgan bo‘lib uning salmog‘i jami virusli gepatitlar orasida dunyoning turli mamlakatlarida o‘zgarib turadi.  Yevropa va AQSH davlatlarida virusli gepatit A kasalligining salmog‘i 10-30% tashkil etadi, rivojlanib kelayotgan Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi kabi mamlakatlarda 70-80% tashkil etadi.

So‘ngi yillarda respublikamizda VGA ning salmog‘i jami virusli gepatitlarning orasida 95% tashkil etmoqda.

Virusli gepatit A kasalligiga har 3-4 yilda davriylik ko‘tarilish xos bo‘lib, bu holat asosan ushbu kasallikka qarshi immunitetga ega bo‘lmagan insonlarga bog‘liq. 

Maktabgacha hamda maktab yoshidagi kichik bolalar bu xastalikka boshqalarga nisbatan ko‘proq chalinadi.

Kasallik asosan alimentar yo‘l bilan, ya’ni og‘iz orqali virus bilan zararlangan oziq-ovqat maxsulotlari, suv, o‘yinchoqlar va iflos qo‘l orqali yuqadi. Virus tashqi muxitga chidamli 60°C xaroratgacha bo‘lgan chuchuk va sho‘r suvda bir necha oylab saqlanishi  mumkin. Gepatit A kasalligi jigar to‘qimalarini yallig‘lanishi va nekrozli o‘zgarishlarga va intoksikatsiya(zaxarlanish) sindromlarini paydo bo‘lishiga, jigar va taloqni kattalashishi, jigar faoliyatining klinik va laborator buzilishlari, sariqlik belgilarining paydo bo‘lishi, siydik rangini to‘q rangga kirishi va axlatni rangsizlanishi bilan xarakterlanadi. Kasallik klinikasida quyidagi simptomlar namoyon bo‘ladi: xolsizlik va darmonsizlik, ishtaxa yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish, mushaklarda og‘riq bo`lishi.

Virusli gepatit A kasalligidan qanday himoyalanish kerak?

•  sog‘lom turmush tarziga rioya qilish;

•  shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, ovqat tayyorlash va ovqatlanishdan oldin, jamoat joylariga va xojatxonaga borgandan so‘ng qo‘lni yaxshilab sovunli suvda yuvish;

•  oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va saqlash jarayonlarida sanitariya-gigiyena qoidalarga rioya etish;

•  meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin oqar suvda yaxshilab yuvish va so‘ngra qaynagan suvda yuvish;

•  yashash joyi gigiyenasiga rioya qilish: xonalarni shamollatish va namli tozalov ishlarini olib borish;

•  pashshalarga qarshi- ichak infeksiyalarini tashuvchilariga qarshi kurashish zarur.

Bugungi kunda virusli gepatitning A turini bolalar o‘rtasida tarqalishini oldini olishning eng samarali va yagona chora-tadbirlaridan biri  - profilaktik emlash hisoblanadi.

Virusli gepatit A kasalligidan himoyalanish uchun yuqori samaradorli vaksinalar ishlab chiqilgan. Ushbu vaksinalar yuqori immunogen ta’sirga ega bo‘lib 94-100% gacha kasallikni rivojlanishini oldini oladi.

Virusli gepatitning A turiga qarshi emlash tajribalari shundan dalolat beradiki nafaqat emlanganlar kasallikdan himoyalanadi balki ushbu hududlarda virusning sirkulyatsiyasi kamayishiga olib keladi.

2014 yildan boshlab respublika bo‘yicha virusli gepatitning A turiga qarshi emlash ishlari olib boriladi va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladi. O‘tkazilayotgan emalsh ishlari kasallanish ko‘rsatkichlariga ta’sir etadi. Emlash ishlari faqat litsenziyaga ega bo‘lgan markazlarda o‘tkazilishi va emlashdan avval xar bir bola vrach ko‘rigidan o‘tkazilishi zarur.

Emlashda qo‘llaniladigan barcha vaksinalar o‘z sertifikatiga ega, transportirovka va saqlash sharoitlariga rioya etilgan, bu o‘z navbatida issiq iqlim sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi.

Quyidagilarni inobatga olgan holda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi maktabgacha va maktab yoshida bo‘lgan bolalarni virusli gepatit-A kasalligiga qarshi emlashni  zaruriy chora sifatida tavsiya qiladi.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

@sanepidcommittee