Yangiliklar

2025-02-18

GRIPP KASALLIGIGA BEPARVO BO‘LMANG!

topics-img

Gripp yilning qaysi oylarida avj oladi?

Kasallikning qanday turlari bo‘ladi?

Grippning oldini olishda nimalarga ahamiyat berish zarur?

Ushbu savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi epidemiologiya va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Farxod Qurbonbekov bilan suhbatlashdik.

Gripp eng keng va tez  tarqaladigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi. Bu kasallik uchun mavsumiylik xos bo‘lib, asosan kuz, qish va bahor oylarida ko‘p holatda ro‘yxatga olinadi. Gripp kasalligi ko‘rsatkichlarini mavsumiy ko‘tarilishi yilning noyabr - mart oylariga to‘g‘ri keladi.

Gripp virusining A, В va С turlari mavjud

      Kasallik manbai faqat bemor odam hisoblanadi. Kasallik atrofdagi sog‘lom odamlarga asosan havo-tomchi yo‘li bilan  bemor aksirganda, yo‘talganda, gaplashganda tez yuqadi.  Havoda saqlanib turgan gripp virusi sog‘lom odamga tezda yuqadi. Kasallikning birinchi belgilari paydo bo‘lgunga qadar bir necha soatdan 3 kungacha vaqt o‘tadi. Kasallik to‘satdan, o‘tkir boshlanadi.                                                           

      Gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil, ayniqsa zaif (nimjon, ya’ni immun holati past) bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar hamda surunkali kasalliklari bo‘lganlarda ya’ni immuniteti past kishilarda tez rivojlanadi va og‘ir kechadi.

 Gripp nafas yo‘llarini  yallig‘lanishi bilan boshlanib, keyinchanlik  bemorda tana harorati 38-40 darajaga ko‘tarilishi, bosh  va tomoq og‘rishi, burun bitishi, burundan suyuqlik ajralishi, yo‘tal, mushaklarda  og‘riq, holsizlik, ishtahani buzilishi ba’zi hollarda qusish xolatlari kuzatiladi. Kasallik bemorlarda  yengil, o‘rta va og‘ir shakllarda kechadi.  Kasallikning eng xavfli asoratlari o‘pka to‘qimalarini yallig‘lanishi pnevmoniya (zotiljam), meningit (miya pardasining yallig‘lanishi), meningoensefalit (miya pardasini va moddasining yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloqning yallig‘lanishi, sinusit (burun yondosh bo‘shliqlarning yallig‘lanishi), nefrit, piyelonefrit (buyrakning yallig‘lanishi).     Shuning uchun ham, xalq orasida grippning o‘zi emas, balki uning asoratlari yomon degan fikr bejiz aytilmagan.  Ba’zida, ya’ni  grippning yengil shakllari bilan og‘rigan bemorlar atrofdagilar uchun ko‘proq xavf tug‘diradi, chunki bunday bemorlar aksariyat hollarda uyida davolanmasdan, kasalligiga yetarli darajada e’tibor bermay, oyoqda o‘tkazadilar. Ularni  kasal  holatida  jamoat  joylarda, barcha  transportlarda, o‘qish  va  ish joylarda  uchratish  mumkin.

   Grippning oldini olishda  yurtdoshlarimizga quyidagilarni tavsiya etamiz:

-   grippga qarshi emlanish;

-  mavsumga xos kiyinish;

-  o‘z vaqtida ovqatlanish va dam olish;

-  xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatib turish va namli tazolov ishlarini o‘tkazish;

-  ishlab chiqarish korxonalari, davolash profilaktika va o‘quv muassasalari, bolalar va qariyalar uylari, tashkilot va idoralarda hamda turar joy binolarida issiqlik rejimiga rioya qilish, barcha xonalarning issiqlik harorati 22 darajadan past bo‘lmasligi;

-  kasallikni erta aniqlash maqsadida maktabgacha ta`lim tashkilotlar, maktablarda kirish joylarida ertalabki filtrni tashkil etish;

-  gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga xos bo‘lgan simptomlar aniqlangan shaxslarni jamoaga qo‘ymaslik;

-  gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga gumon qilingan bolalarni izolyatorga joylashtirish hamda ota-onasiga va hududiy poliklinikaga xabar berish;

-  o‘quv-tarbiya muassasalarida tanaffus paytida shamollatish rejimini tashkil qilish;

-   maktabgacha ta`lim tashkilotlarida har kuni bolalarni kamida 2 marotaba toza havoga sayrga chiqarish;

-  barcha o‘quv-tarbiya muassasalarida sanitariya-targ‘ibot ishlarini olib borish;

-  uyushgan jamoalarda, konsert zallari, kinoteatr, o‘quv va ish joylarini kuniga 3-4 marotaba shamollatib turish, xonalarda dezinfeksiya moddalarini qo‘llagan holda namli tozalov ishlarini olib borishni yo‘lga qo‘yish zarur.

 Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

@sanepidcommittee