Yangiliklar

2024-06-14

HAYIT BAYRAMIDA TO‘GʻRI OVQATLANISHGA E’TIBOR BERING

topics-img

Qurbon hayti bayrami ko‘pgina mamlakatlar qatorida bizning yurtimizda ham har yili keng nishonlanadi. Bu kun barcha yurtdoshlarimiz shodu-xurram bo‘lib bir-birlarini  bayram bilan tabriklaydilar. Hayit bayramida keksalarni ziyorat qilish azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Barcha xonadonlarda chiroyli dasturxonlar bezatiladi.Turli tuman pishirqlar, bo‘g‘irsoq, qush tili, o‘rama, chak-chak va boshqa turli shirinliklar pishiriladi.

Bu yilgi Qurbon hayiti issiq kunlarga to‘g‘ri kelmoqda, shu tufayli dasturxon nechog‘lik to‘kin bo‘lmasin to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya etish zarur.

Yog‘li ovqatlardan oldin sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar yeng, bu ishtahangizni jilovlab, ko‘p yeb qo‘yishdan saqlaydi. Ovqatni ko‘katlar bilan iste’mol qilish hazm qilishni osonlashtiradi.

Issiq ovqatlar oralig‘ida ko‘k choy ichish maqsadga muvofiq. Issiq ovqat bilan muzdek ichimlik ichish ovqat hazm bo‘lishini qiyinlashtiradi.

Gazli ichimliklar, limonadlardan va rangli ichimliklardan esa voz kechish lozim. Ular issiqda yoqimli tuyulgani bilan, buyrak va jigarni ishdan chiqarishi mumkin. Chunki issiq ob-havo paytida buyraklardagi yuk keskin oshadi.

Bayram dasturxonidagi sho‘r bodring, tuzlamalardan o‘zingizni tiying. Sutka davomida iste’mol qilinadigan osh tuzning umumiy miqdori bir choy qoshiqdan oshmasligi kerak.

Tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlariga kiradigan tortlar, pirojniylar va ayniqsa kremli qadolat mahsulotlari xarid qilishda ishlab chiqarilgan sanasi va saqlanish muddatiga e’tibor bering. Ayniqsa turli rangli bo‘yoqlar ishlatilgan pishiriqlarni yosh bolalarga bermang. Chunki oziq-ovqat bo‘yoqlari ham bolalarda allergik kasalliklarni chaqirishi mumkin.

Bayram kunlari o‘zingizni sog‘lom va yengil his etib, tetik va bardam yurishni istasangiz, albatta ovqatlanish tartibiga, sifatiga va me’yoriga qat’iy rioya qiling!

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee