Yangiliklar

2024-02-12

IMMUNOPROFILAKTIKANING DOLZARB MASALALARI

topics-img

O‘zbekistonda odam tug‘ilgandan boshlab 16 yoshgacha turli yuqumli kasalliklarga qarshi emlanishi lozim. Buning uchun maxsus milliy emlash kalendari tasdiqlangan.

Milliy profilaktik emlashlar kalendariga kiritilgan kasalliklar yuqish darajasi va uning asoratidan o‘lim holati ko‘pligi sababli JSST tavsiyasi asosida  Respublika Bosh Davlat Sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan.

Hozirgi kunda 13 turdagi yuqumli kasalliklarga: gepatit V, sil, poliomiyelit,  rotavirus infeksiya,  bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiya,  qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk infeksiya, VPCH-odam papilloma viruslariga qarshi emlashlar olib boriladi.

Joriy yilning 9 fevral kuni Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida ushbu markazning professor o‘qituvchilari,  Sog‘liqni saqlash vazirligi immunizatsiya ishlari bo‘yicha ilmiy-amaliy guruhi a’zolari,  Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining immunizatsiya ishlariga mas’ul xodimlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi professor o‘qituvchilari, Respublika OITS markazi xodimlari ishtirokida  “Immunoprofilaktikaning dolzarb masalalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda umumiy amaliyot shifokorlari, pediatrlar, infeksionist vrachlar, katta xamshiralar – jami 100 nafar tibbiyot xodimlari  ishtirok etdi.

Ushbu seminar-yig‘ilishni o‘tkazishdan asosiy maqsad   boshqariluvichi yuqumli kasalliklar, jumladan  qizamiq va ko‘kyo‘tal kasalliklarining oldini olishning yagona usuli – bu vaksinatsiya  ekanligini birlamchi davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlariga yetkazish edi.

 Qizamiq, ko‘kyo‘tal, epdemik parotit  profilaktikasi mavzularidagi  ma’ruzalar yig‘ilish qatnashchilari tomonidan zo‘r qiziqish bilan tinglandi.

Seminar so‘ngida ishtirokchilar tomonidan  berilgan savollarga javoblar  hamda amaliyotda ishlayotgan vrachlarga  ko‘rsatmalar berildi. 

 Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee