Yangiliklar

2023-08-22

JSST: HAR YILI 600 MILLION ODAM OVQATDAN ZAHARLANADI

topics-img

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish  oqibatida har yili 600 million odam, ya’ni sayyoramizning deyarli har 10 aholisidan biri ovqatdan zaharlanadi, 420 ming kishi vafot etadi.

Kasallik keltirib chiqaradigan bakteriyalar, viruslar, parazitlar yoki zararli kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olgan xavfli oziq-ovqatlar diareyadan saratongacha bo‘lgan 200 dan ortiq kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishlarning 40 foizi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga to‘g‘ri keladi. Bu kasalliklar har yili 125 ming bolaning hayotiga zomin bo‘ladi.

Diareya kasalliklari ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida yuzaga keladigan eng keng tarqalgan kasalliklardir. Har yili 550 million kishi kasal bo‘lib, 230 ming kishi vafot etadi.

Diareya besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining ikkinchi asosiy sababidir. U asosan ifloslangan oziq-ovqat va suvni iste’mol qilish natijasida rivojlanadi. Diareyaning eng keng tarqalgan ikkita sababi rotavirus va ichak tayoqchasidir. Sryptosporidium i Shigella kabi boshqa patogenlar ham tashvish tug‘dirishi mumkin. Salmonella butun dunyo bo‘ylab diareya kasalligining to‘rtta asosiy sabablaridan biridir. Ba’zi hollarda bu patogenlar keltirib chiqaradigan kasalliklar og‘ir va o‘lim bilan yakunlanadi.

Klinik ko‘rinishi

Oziq-ovqatdan zaharlanishning klinik ko‘rinishi kasallikning to‘satdan boshlanishi bilan tavsiflanadi. Klinik ko‘rinishi ko‘pincha oshqozon-ichak traktining buzilishi xarakteriga ega. Zaharlanish qorin og‘rig‘i, qusish, axlatning buzilishi va umumiy holsizlik bilan kechadi, ammo botulizm va qo‘rg‘oshin birikmalari bilan zaharlanishda ushbu alomatlar kuzatilmasligi mumkin.

Qanday qilib ovqatdan zaharlanishning oldini olish mumkin?

Oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishning oldini olish uchun mahsulotlarni saqlash, tashish va tayyorlash paytida infeksiyadan himoya qilish hamda quyidagilarga qat’iy rioya qilish zarur:

•  mahsulotlarni, ayniqsa tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlarni saqlash muddatiga ahamiyat qaratish;

•  go‘sht, baliq, yarim tayyor mahsulotlar, salatlarni  muzlatgichda saqlash;

•  xom va pishgan go‘sht, baliqlarni qayta ishlashda alohida kesish taxtalaridan foydalanish;

•  xom mahsulotlarni to‘g‘rab bo‘lgach pichoqlar yaxshilab yuvish;

•  tuxumni pishirishdan oldin bir oz vaqt sodali suvda ivitib, so‘ng xlorli eritmada 15 daqiqa ushlab turish, keyin yaxshilab yuvish;

•  sabzavot, meva va rezavorlarni yaxshilab oqar suvda yuvish va qaynoq suvda chayish;

•  oshxona va shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish kerak.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee