Sanitariya-epidemiologik
osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat
Atabekov o‘tkir respiator virusli
infeksiyalar bo‘yicha hozirgi kundagi epidemik vaziyat haqida batafsil ma’lumot
berdi.
Kasallik tarqalishida uch muhim
omil bor: kasallik manbai, yuqish yo‘li,
yuqtirishga moyil organizm.
Agar kasallangan bolalarni maktabga,
bog‘chaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya
yuqtirishda davom etadi.
Har birimiz o‘tkir respirator
kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz.
Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik
belgilari bo‘lgan farzandlarini bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim
muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor
ko‘rsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish
maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha yuqumli
kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun o‘rin-joy va zarur dori-darmonlar
zaxirasi yaratilgan.
Aholi orasida gripp mavsumi
haqida "bu — yangi pandemiya" degan mish-mishlar uchramoqda. Bu
gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas.
O‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi
poytaxtimizda va yurtimizning ayrim hududlarida ko‘proq qayd etilayotgani
kasallik tarqalishi epidemik bo‘sag‘aga yetganiga asos bo‘la olmaydi.
Shu sababdan ham o‘quv muassasalarida ta’lim
jarayonini to‘xtatishga yetarli asos ko‘rmayapmiz.
Hozirgi vaziyatda bizning vazifamiz:
bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish!
Bemorlar muloqot chog‘ida doim tibbiy niqobda
bo‘lishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal
qilishlari shart.
Shuningdek, kasallikka qarshi emlanish unga
qarshi kurashishning samarali usuli ekanini unutmaslik kerak! Mavsum oldidan yurtimizda grippga qarshi
vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash
punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksinalar mavjud.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee