Enterovirus infeksiyalari – Koksaki i Ekxo deb ataladigan ichak viruslari (enteroviruslar) keltirib chiqaradigan kasallik hisoblanadi. Viruslar keltirib chiqaradigan infeksiyalar keng tarqalgan va yil davomida sodir bo‘lib, viruslarning 70 dan ortiq turlari ma’lum.
Koksaki virusi o‘zaro bog‘liq mikroorganizmlar guruhi bo‘lib, ularning har biri o‘xshash klinik belgilar bilan kasalliklarga olib kelishi mumkin. Tibbiyot mutaxassislari bu viruslarni enteroviruslar deb ta’riflashadi, ya’ni ular insonning oshqozon-ichak traktida ko‘payishi mumkin. Sanepidqo‘mita Epidemiologiya va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Nazira Qarshieva bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda kasallikning tarqalishi, virusi qaysi yo‘llar bilan yuqishi va boshqa ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tdi.
– Koksaki virusi turlari va ular ko‘proq kimlarda kuzatilishi haqida aytib bersangiz?
– Koksaki viruslari ko‘pincha uch yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xavf tug‘diradi, ammo infeksiya ehtimoli chaqaloqlar va kattalarda ham mavjudligi kuzatiladi.
Koksaki virusning bir nechta turlari mavjud va infeksiya belgilari patogenning o‘ziga xos serotipiga qarab farq qilishi mumkin. Masalan, A tipidagi Koksaki virus o‘tkir kon’yunktivit, gerpetik tomoq og‘rig‘i kuzatiladi. Bunda tanglay va bodomsimon bezlarning shilliq qavatida pufakchalar hosil bo‘ladi va juda kam hollarda meningitga olib keladi.
В tipidagi Koksaki virusi yurak, jigar va o‘pka plevrasi kabi ichki organlarga ta’sir qiladi. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, bunday holatlar juda kam uchraydi va odatda immuniteti zaif odamlarda kuzatiladi.
Enterovirus infeksiyasining kam uchraydigan, ammo o‘ta xavfli asoratlaridan biri seroz meningitdir. Agar bolada ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘rig‘i, bo‘yin og‘rig‘i yoki virusli infeksiya va isitma tufayli harakat cheklangan bo‘lsa, darhol “Tez yordam” chaqirish lozim.
Enteroviruslar ko‘p hollarda yashirin infeksiyani yoki turli kasalliklarning yengil belgilarini keltirib chiqaradi. Biroq, ular seroz meningit, epidemik miyalgiya (mushak og‘rig‘i), miokardit, gerpetik tonzillit, epidemik gemorragik kon’yunktivit, nafas olish va oshqozon-ichak kasalliklari, shuningdek, febril kasalliklar shaklida o‘zini namoyon qilishi mumkin. Kasallik odatda asoratsiz davom etadi va tiklanish bilan tugaydi.
– Virusning klinik belgilari qanday?
Infeksiya boshlanganidan boshlab birinchi klinik ko‘rinishlarga qadar 2 kundan 10 kungacha, ko‘pincha 2 dan 5 kungacha davom etadi.
Bundan tashqari, infeksiyaning klinik ko‘rinishi xilma-xilligiga qaramasdan, kasallikning umumiy belgilari mavjud. Kasallik o‘tkir boshlanadi, tana haroratining 38-40°S gacha ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, umumiy holsizlik, bezovtalik, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, tana harorati 2-4 kundan keyin 3-5 kun davom etadi, isitma, ko‘ngil aynishi va qayt qilishning takroriy to‘lqinlari yuz beradi.
Kasallikning birinchi alomatlari bu pasaymaydigan yuqori harorat, bu angina kabi tomoqdagi o‘zgarishlar: tomoqdagi kuchli og‘riq, pufakchalar, og‘izda yaralar bilan, qo‘llar va oyoqlarda toshmalar bu ichak sindromi, ya’ni takroriy qusish, qorin og‘rig‘i va ich ketishi.
Virusning mavsumiyligi mavjud.
– Koksaki virusi qaysi yo‘llar bilan tarqaladi?
– Virus odamning nafas yo‘lidan kasallik boshlanganidan keyin 1-2 hafta ichida va najasdan bir necha hafta va hatto oylar ichida atrof-muhitga chiqariladi, 1 gramm najasda bir milliongacha virus saqlanishi mumkin.
Serozli meningit uchun eng ko‘p ehtimolli yuqish mexanizmi tomchilar orqali odamdan odamga o‘tadi, lekin ko‘pincha odamlar qo‘zg‘atuvchilarni oziq-ovqat, suv va atrofdagi narsalar orqali yuqtiradi.
Yozda viruslar bilan ifloslangan suv havzalarida suzish, yuvilmagan sabzavot va mevalarni iste’mol qilish, sifatsiz suv ichish asosiy xavf omillari hisoblanadi. Enteroviruslarni itlar, pashshalar va suvaraklar tarqatishi mumkin.
Virusning bakteriyalardan farqi ichak viruslari oziq-ovqatda, suvda yoki narsalarning yuzalarida ko‘paymaydi, lekin uzoq vaqt davomida yashaydi. Masalan, turli suv manbalaridan olingan suvda ular 110 kungacha, go‘sht va tvorogda 6 oygacha, sirtlarda 70 kungacha saqlanadi. Enteroviruslar sut, kefir, tvorog, sirlangan pishloqli tvorogda 12-13%, yangi sabzavot va mevalarda 80% gacha uchraydi.
Qaynatish usuli orqali 56°C da viruslar 30 daqiqada o‘ladi. Enteroviruslar ultrabinafsha nurlar ta’sirida faolligini yo‘qotadi, erkin xlor va ozon ta’sirida tezda o‘ladi.
– Koksaki virusining belgilari qanday?
– Koksaki viruslari inson ichaklarida yashasada, ular infeksiyalangan odamlarda ovqat hazm bo‘lishiga ta’sir qilmasligi mumkin. Kasallik odatda grippga o‘xshash alomatlar bilan boshlanadi: isitma, tomoq og‘rig‘i va bosh og‘rig‘i. Ushbu infeksiyaning o‘ziga xos xususiyati suvchechak toshmalariga o‘xshash kichik pufakchalar shaklida toshma paydo bo‘lishidir, kattalarda bunday ko‘rinishlar kam uchraydi.
Toshma asosan qo‘llar, oyoqlar va og‘izda paydo bo‘ladi, bu "qo‘l-oyoq-og‘iz" kasalligi nomini keltirib chiqaradi.
– Koksaki virusini qaysi yo‘llar bilan yuqtirish mumkin?
– Koksaki virusini yuqtirishning asosiy yo‘li fekal-oral yo‘lidir.
Infeksiya qo‘llar bilan, idish-tovoq, o‘yinchoqlar va boshqa odamlarning shaxsiy gigiyena vositalari, masalan sochiq, tish cho‘tkasi va ichki kiyimlarni birgalikda ishlatish orqali yuqishi mumkin. Bundan tashqari, virus ifloslangan sabzavot va mevalarni iste’mol qilish orqali tarqalishi mumkin.
– Koksaki virusini to‘liq davolash usullari bormi?
– Hozirgi vaqtda samaradorligi ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan virusga qarshi dorilar mavjud emas. Shu munosabat bilan davolash faqat simptomatik terapiya bilan cheklanadi. Agar tana harorati 38,5 darajadan oshsa, paratsetamol yoki ibuprofen kabi antipiretiklardan foydalanish tavsiya etiladi.
Biroq, hech qanday holatda antibiotiklarni qabul qilmaslik kerak, chunki ular faqat bakterial kasalliklarga qarshi yordam beradi. Agar kasallik standart ssenariy bo‘yicha davom etsa, inson immunitet tizimi infeksiyani mustaqil ravishda yengadi. Odatda, tana harorati 3-5 kunda tushadi va boshqa alomatlar 1-2 haftada yo‘qoladi. Shuning uchun, agar alomatlar umumiy o‘tkir respiratorli infeksiyaga o‘xshash bo‘lsa, u holda tibbiy muassasaga tashrif buyurish shart emas.
– Ayting-chi, Koksaki virusi bilan yana kasal bo‘lish mumkinmi?
– Koksaki viruslariga qarshi immunitet infeksiyadan keyin yo‘q bo‘lmaydi. Bu, agar odam allaqachon kasallikka chalingan bo‘lsa ham, keyingi yil ichida yoki bir necha yil o‘tgach, qayta infeksiya ehtimolini anglatadi.
Boshqalarni yuqtirishning eng katta ehtimoli kasallikning birinchi haftasida kuzatiladi.
Agar alomatlar paydo kuzatilsa ehtiyot bo‘lish va boshqalarning sog‘lig‘ini hisobga olish kerak. Har 2-3 soatda almashtirilishi kerak bo‘lgan bir martalik niqoblardan foydalanish va sanchqi, pichoqlarini boshqa odamlar bilan bo‘lishmaslik tavsiya etiladi. Agar bola kasal bo‘lib qolsa, oiladagi boshqa bolalar uning o‘yinchoqlaridan foydalanmasligi lozim.
– Infeksiyadan himoyalanish yo‘llari haqida aytib o‘tsangiz?
– Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish: qo‘lingizni sovun bilan yaxshilab yuving, ayniqsa hojatxonaga borganingizdan keyin, ovqat tayyorlashdan oldin va tayyorlash paytida, ovqatdan oldin, ko‘chadan uyga kelgandan keyin. Bolalarning qo‘llarini toza tuting va ularga qo‘l yuvish qoidalarini o‘rgatish;
- eshik tutqichlarini, kranlarni, hojatxonani yuvish uchun tutqichlarni yuvish;
- ochiq suv omboridan yoki quduqdan olingan suvlarni faqatgina qaynatilgandan so‘ng iste’mol qilish;
- meva, sabzavot mevalarni suvda yaxshilab yuvish;
- xom va pishirilgan ovqatlar, salat, non uchun alohida kesish uchun pichoqlar, kesish taxtalari bo‘lish;
- bemor yoki virus tashuvchining so‘lak tomchilari qolishi mumkin bo‘lgan choy va idishlarni qaynatib tozalash;
- xom oziq-ovqatlar saqlangan idishlarni yuvish vositalari bilan yaxshilab yuvish;
- har bir mahsulotni alohida, toza qadoqlarga joylashtirish, mahsulotlarni ifloslanishdan saqlash;
- oshxonani toza tutish;
- oziq-ovqatlarni hasharotlar, kemiruvchilar va uy hayvonlaridan, infeksiyaning mumkin bo‘lgan tashuvchisidan himoya qilish va pashsha va suvaraklarga qarshi kurashish;
- suzish tavsiya etilmagan yoki umuman taqiqlangan suv havzalarida cho‘milishni man etish.
Ushbu qoidalarning barchasiga rioya qilish turli infeksiyalaridan himoya qiladi!
Sanepidqo‘mita Axborot xizmati