Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini ta’kidladi.
“Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham to‘liq tasdiqlaydi.
Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat.
Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi”,
- dedi Prezident.
Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularni oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.
Vazirliklarning hududiy komplayens xodimlarini bevosita vazirni o‘zi ishga qo‘yishi, o‘ziga siyosiy mas’uliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi.
Agentlikning ish uslubi mutlaqo o‘zgaradi. Buning uchun tajriba tariqasida 5 ta idora: Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot”ning komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.
Yil yakuni bilan bu vazirliklarda qancha korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilgani, odamlarga qanday yengilliklar bo‘lgani haqida Milliy kengashda hisobot beradi.
Shuningdek, agentlik vazir, hokimlar bilan birgalikda har chorakda korrupsiya yuqori bo‘lgan kamida 3 ta sohada tumangacha tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi, tahlillar asosida qaysi jarayonni raqamlashtirish, qaysi byurokratik tartibni bekor qilish bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqadi.
Ikki oyda xalqaro reyting tashkilotlari tavsiyasi asosida “yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, har bir vazirlik va idoraga qilinadigan ishlar aniq belgilab beriladi. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarni jazolash bo‘yicha taklif kiritiladi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee