JSST ning bergan ma’lumotlariga ko‘ra har yili leyshmanioz kasalligi bilan yer yuzida yashovchi bir milliondan ikki milliongacha aholi zararlanadi. O‘zbekistonning qator viloyatlarida leyshmaniozlarning tabiiy o‘choqlari mavjud bo‘lib, har yili vistseral va zoonoz teri leyshmanioz kasalligi holatlari ro‘yxatga olinadi.
Leyshmaniozlar – odam va hayvonlar orasida uchraydigan bir guruh protozoy transmissiv kasallik bo‘lib, asosan ichki a’zolarni (vistseral leyshmaniozda) yoki teri va shilliq pardani (teri leyshmaniozida) zararlanishi bilan ta’riflanadi. Kasallik odamga Phelebotomus turiga mansub leyshmanioz bilan zararlangan moskitning chaqishi oqibatida yuqadi. O‘z navbatida moskit infeksiyani kasallangan odamni, it, yovvoyi hayvonlarni (chiyabori, tulki), har xil kemiruvchilarni (katta qum sichqoni, qizil dumli qum sichqoni, yapaloq tishli kalamush va ingichka panjali yumroqqoziq va bosh.)ni chaqishi natijasida zararlanadi. Zararlanish mavsumi – yoz, kasallanish mavsumi esa – shu yilning kuzi yoki kelasi yilning bahoriga tugri keladi.
Kasallik tashuvchilari – ochiq-sariq va ochiq kul-rangli yoki jigar rangdagi, ikki qanotli hashorat, qon so‘ruvchi mayda moskitlar bo‘ladi. Qanotlari tinch turgan holda 45˚burchak ostida yuqoriga ko‘tarilgan hisoblanadi. Uchishi ovozsiz va keskin. Moskitlar qisqa masofaga uchish hususiyatiga ega.
Vistseral (ichki) leyshmanioz (VL)- o‘ziga xos leyshmanioz shakli. Havfli tarafi shundaki, davolanmasa bu infeksiyadan o‘lish 100% yetadi. O‘zbekistonda vistseral leyshmaniozning o‘rtayerdengiz-o‘rtaosiyo turi uchraydi. Kasallik asosan kichik yoshdagi bolalarni zararlaydi, lekin katta yoshdagilar ham kasallanadilar. VL inkubatsion (yashirin) davri 3 xaftadan 3 yillgacha (ko‘pincha bir necha oylar) davom etishi mumkin. Kasallik asta-sekin boshlanadi, kasallikning birinchi belgilarini sezmay ham qolish mumkin. Umumiy holsizlik kuchayadi, to‘lqin simon (ko‘pincha bir kun davomida ikki karrali tana xaroratining ko‘tarilishi) isitma aralash bezgak paydo bo‘ladi. Kamqonlik hisobiga terining rangi o`qaradi, ba`zida gemorragik toshma paydo bo‘ladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida yarali nekrotik o‘zgarishlar paydo bo‘lishi mumkin. Bemorning umumiy holati keskin yomonlashadi, ular oriqlashadilar, kamqonlik va leykopeniya kuchayadi, jigar (kindik chizig‘igacha) va taloqning (kichkina toz bo‘shlig‘igacha) kattalashishi kuzatiladi. Bemorlarning deyarli 10% da jigar sirrozi va portalli gipertenziya kuzatiladi. Kasallikning so‘ngi bosqichlarida buyrak bezining zararlangani hisobiga shishlar paydo bo‘ladi, keskin oriqlab ketish - kaxeksiya rivojlanadi.
Teri leyshmaniozi (TL)– terining polimorf kasalligi bo‘lib yashirin davri bir haftadan bir necha oylargacha bo‘lishi mumkin. Kasallik har xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, ya’ni: teri qoplamida yallig‘langan yoki yarasiz yakka-yakka yoki ko‘p tugunchali zararlangan joylari bo‘lishi mumkin. Teri leyshmanioz kasalligiga eng hos bo`lgan belgi - bu uzoq bitmaydigan yaralarning mavjudligi. Teri leyshmaniozi antroponoz va zoonoz turi ko‘rinishida kechadi. O‘zbekistonda zoonoz teri leyshmaniozi uchrab turadi (sinonimlar: qishloq turi, pendin yarasi, o‘tkir nekrozli teri leyshmaniozi, Borovskiy kasalligi) va u kalta inkubatsion (yashirin) davriga ega (3 haftagacha), chaqilgan joydagi do‘ng tezlik bilan kattalashadi, yallig‘lanadi va shu joyda atrofi shishgan keng infiltratli yara paydo bo‘ladi. Yara diametri 5 sm.gacha yetishi mumkin. Keyinchalik yaraning o‘rni bitadi. Kasallik boshlanganidan 4-5 oydan so‘ng “muhirlangan”tirtiq paydo bo‘ladi. Ko‘pincha leyshmaniomalar yuz, qo‘l va oyoqning ochiq joylarida joylashadi, kam uchraydigan holatlarda badanda ham bo‘lishi mumkin.
Leyshmaniozlarga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida quyidagilardan iborat kompleks chora-tadbirlarni o‘tkazish kerak:
• leyshmanioz bilan zararlangan bemorlarni erta aniqlash va davolash;
• dezinseksiya o‘tkazish - xonadonlarga moskitlarga qarshi ishlov berish;
• deratizatsiya o‘tkazish - qishloq aholi punktlari va dala ishlari o‘tkaziladigan uchastkalariga yaqin joylardagi yovvoyi kemiruvchilarni yo‘q qilish;
• moskitlarning ko‘payish joylaridan uchib chiqayotgan sonini kamaytirish maqsadida aholi punktlarida doimiy ravishda tozalikni ushlab turish kerak, uy va molxonadan chiqadigan chiqindilarni zich yopiladigan qopqoqli yashiklarda ushlash kerak, hamda yig‘ilishiga qarab muntazam ravishda alohida ajratilgan mahsus maydonga chiqarib ularni u yerda yoqish yoki zararsizlantirish zarur.
• Doimiy ravishda uylarning yerto‘lalari, sabzavot saqlanadigan binolar, molxona va uy parrandalari turadigan binolarning ozodaligini nazoratda ushlash kerak.
• Shahar va boshqa aholi punktlarida daydi itlarni yo‘q qilish kerak, hamda xizmatdagi va xonadon itlari doimo veterinariya nazorati ostida bo‘lishi shart.
• Moskitlardan himoyalanish uchun albatda shaxsiy himoya vositalarini qo‘llash, – pashshaxonalar, oyna va eshiklarga setka tutish maqsadga muvofiqdir.
• Kechki vaqtda hashoratlarning chaqishidan himoyalanish uchun uzun yengli ko‘ylak va shim kiyish zarur.
• Ochiq havoda ishlaganda tananing ochiq qolgan joylarini moskitlar chaqishidan himoyalash uchun repelentlardan foydalanish kerak.
• Qishloq ho‘jalik mavsumiy ishlarga jalb qilingan ishchilarning yotog‘i epidemik mavsumda zoonoz teri leyshmaniozining tabiiy o‘chog‘idan 2 km masofa uzoqligida joylashtirilishi tavsiya etiladi.
Yuqorida ko‘rsatilgan shaxsiy himoya choralariga rioya qilish natijasida tabiiy o‘choqda ham leyshmanioz bilan zararlanish ehtimolidan holi bo‘lish yoki zararlanish havfini pasaytirish mumkin.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee