Yangiliklar

2024-05-08

MAKTAB OSHXONASIGA KELTIRILGAN OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI TALAB DARAJASIDA BO‘LMASA QANDAY YO‘L TUTILADI?

topics-img

Kun bo‘yi tetik va bardam yurish hamda dars jarayonini puxta o‘zlashtirish uchun maktab o‘quvchisi avvalo sog‘lom ovqatlanishi zarur. Negaki bolalikdan o‘smirlik yoshiga o‘tayotgan davrda yosh organizm ham aqlan, ham jismonan tez rivojlanadi. Yaxshi ovqatlanmagan bola darrov toliqadi, darsda uzoq o‘tirolmaydi. Demak, bu masalaga nihoyatda e’tiborli bo‘lish zarur.

Maktab oshxonalaridagi oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan gigiyenik talablar mavzusidagi savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi Yakkasaroy tuman bo‘limi sanitariya vrachi Dilfuza Odilova javob berdi.

Maktab oshxonalaridagi taomlar sifati qay tartibda tekshiriladi?

Ta’lim muassasasida o‘quvchilarning sifatli va xavfsiz ovqatlanishi uchun ovqatlanishni tashkil etuvchi mas’uldir.

Ta’lim muasasasining tibbiyot xodimlari ta’lim muassasida ovqatlanishni tashkil etishda oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi va sifatini nazorat qilib boradi.

Ta’lim muassasalarining ovqatlanish xonasiga olib kelinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi, ishlab chiqarilgan sanasi, saqlash muddati shartlarni kafolatlovchi hujjatlarga muvofiq kelishi shart. Ilova qilingan hujjatlarni mahsulot tugaguncha saqlash lozim.

Yetkazilayotgan mahsulotlarning sifatini nazorat qilish jurnalga yozib boriladi. Oziq-ovqatlar sifatini tekshiradigan (brakeraj) komissiya a’zolari uch kishidan kam bo‘lmasligi lozim: tibbiy xodim, oshxona xizmatchisi va ta’lim muassasasining vakili.

Tayyor taomlar faqatgina ta’lim muasasasining tibbiyot xodimlari tomonidan organoleptik baholanib ko‘rilgandan keyingina tarqatiladi.

  Har kuni taomlardan 1 porsiyasi sutkali namuna sifatida maxsus idishlarga olinib muzlatkichda saqlanadi.

Porsiyali taomlarning vazni taomnomada ko‘rsatilganidek bo‘lishi kerak. Ovqat tayyorlash texnologiyasi buzilgan holda, shuningdek, tayyor bo‘lmagan holda yoki aniqlangan pazandachilik muammolar bartaraf etilmaguncha ovqat dasturxonga taqdim etilmaydi.

Har kuni ishga kirishishdan oldin tibbiyot xodimi tomonidan ta’lim muassasasining oshxona xodimlarining yara-yiring, qo‘l terisi kasalliklari va tananing ochiq joylari xastaliklari, shungingdek, angina, nafas olish yo‘llarining kataral holatlarini tekshirishi lozim. Kundalik tekshiruv natijalarini «Salomatlik jurnali»ga yoziladi.

Oziq-ovqatlarga qo‘yiladigan tegishli gigiyenik talablarga binoan tayyor taomlar xavfsizligini tasdiqlash va oziq-ovqat mahsulotlaridagi oziq-ovqat qiymatini (oqsil, yog‘, uglevod, kaloriyasi, mineral moddalar va vitaminlar) aniqlash, sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

Maktab oshxonasiga oziq-ovqat mahsulotlari talab darajasida bo‘lmasa, qanday yo‘l tutiladi?

Ta’lim muassasasining oshxonasiga keltirilgan mahsulotlar sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaslik holatlari aniqlanganda  maktab tibbiyot xodimi tomonidan ushbu mahsulotlar sotilishi to‘xtatiladi  hamda brаkeraj komissiyasi a’zolari tomonidan brakeraj  dalolatnomasi tuzilib o‘rnatilgan tartibda yo‘qotiladi. Agar ushbu holatlar yana takrorlansa ta’lim muassasasi rahbari tomonidan MCHJ rahbari bilan tuzilgan uch tomonlama shartnomasi bekor qilinadi.

Agar oshxona xodimi qoidani buzsa, unga qanday chora ko‘riladi?

Ta’lim muasasasining oshxonasi faoliyati bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga ariza va shikoyatlar kelib tushgan holatlarda, soha xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli organi xabardor etilib, ulardan ruxsat olgandan keyingina Sanepidqo‘mitaning hududiy bo‘limi xodimlari tomonidan ushbu ta’lim muassasasining oshxonasida ish faoliyatini olib borayotgan mas`uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) yoki xususiy tadbirkorlik sub’yektida nazorat tadbirlari o‘tkaziladi va tegishli choralar ko‘riladi.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee