Joriy yilning 1 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan “Sanepidqo‘mita tomonidan 2023 yilning birinchi yarmida yuqumli kasalliklarning oldini olish va sanitariya yo‘nalishi bo‘yicha bajarilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutasaddi vakillari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga alohida e’tibor qaratildi va buning natijasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Respublika bo‘yicha 12 mln. nafar bolalarda 13 turdagi boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari milliy emlash kalendari asosida tashkil etilib, epidemik barqarorlik saqlab qolindi.
Amalga oshirilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 6 oyi davomida ayrim yuqumli kasalliklarning o‘tgan 2022 yilning shu davriga nisbatan pasayishi kuzatildi: salmonellez infeksiyasi 18,1%ga, bakterial ichburug‘ 46,2%ga, o‘tkir ichak kasalliklari 10,4%, virusli gepatit В 26,9% ga, virusli gepatit С 27,7%, ayrim gelmintoz kasalliklar: askaridoz 26,8%, trixosefalyoz 85%, teniarinxozning 23% pasayishi qayd etilgan.
Respublika bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, vabo, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shuningdek, Yevropa va Jahon savdo tashkilotlari va xalqaro talablardan kelib chiqib, ta’lim, qurilish, oziq-ovqat va boshqa sohalar bo‘yicha 40 ta sanitariya qoida va me’yorlari yangi tahrirda qabul qilindi va xalqaro andozalarga moslashtirildi.
Anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommitte