Joriy yilning 6 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan “Ovqatdan zaharlanishni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutasaddi vakillari, yuqumli kasalliklar shifoxonalari xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman 2024- yilda Oziq-ovqat xavfsizligi: kutilmagan vaziyatlarga tayyorlaning shiori ostida bo‘lib o‘tadigan 7-iyun Butunjahon oziq-ovqat xavfsizligi kuni munosabati bilan o‘tkazildi. Bu yilgi mavzu qaysi darajada bo‘lishidan qat’iy nazar, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq hodisalarga tayyor bo‘lish muhimligini ta’kidlaydi.
Jahondagi barcha mamlakatlar hukumatlari oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini oshirish borasida imkonlari boricha kuch va mablag‘ sarf qilishlariga qaramasdan oziq-ovqat mahsulotlari orqali kelib chiqadigan kasalliklar sog‘liqni saqlashning jiddiy masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida 600 millionga yaqin inson jabrlanadi, 420 ming kishi mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish natijasida vafot etadi. Achinarlisi, ularning 125 ming nafarini 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.
2024 yilning o‘tgan davriga 1 choragida 18 ta ovqatdan zaharlanish holatlari qayd etilgan bo‘lib, bunda 143 nafar fuqarolar jabrlangan, 1 nafar vafot etgan.
Ovqatdan zaharlanish holatlarini tahlil qilganda aksariyat qismi uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida kasallanganlarga, keyingi o‘rinda esa kimyoviy moddalardan zaharlanganlar va yovvoyi qo‘ziqorin iste’mol etish natijasida zaharlanganlarga hamda ovqat toksikoinfeksiyasi qayd etilganlarga to‘g‘ri keladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi ishlab chiqarishdan tortib, yig‘ib olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatish, tayyorlash hamda iste’mol qilishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda muhim rol o‘ynaydi. Ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichida oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishi yoki zararlanishi xavfi mavjud bo‘lib, ularning xavfsizligi uchun har bir ishtirokchi – tadbirkor javobgar.
Anjuman so‘ngida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee