Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutining
bolalar va o‘smirlar gigiyenasi laboratoriyasi xodimlari tomonidan
poytaxtimizdagi umumta’lim maktablarida mobil telefonlardan ko`p foydalanadigan
11 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 900
nafar o‘quvchi o‘rtasida so‘rovnoma
o‘tkazildi. Natijada ular qanday kasalliklardan aziyat chekishi ma`lum bo`ldi.
Tadqiqotning maqsadi zamonaviy
raqamli qurilmalar va Internetdan ko`p foydalanish bolalarning kasallanishiga
ta’sirini baholashga qaratildi. Statistik ma’lumotlarning tahlili shuni
ko‘rsatdiki, o‘quvchilar orasida endokrin tizim, ovqatlanish va metabolik
kasalliklar bilan bog‘liq shikoyatlarga ega bolalar o‘rtacha 41 foizni tashkil
etadi.
Umumiy kasallanishning qiyosiy
tahliliga ko‘ra, raqamli qurilmalardan tez-tez va ko‘p foydalanadigan
o‘quvchilarida, raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan
o‘quvchilariga nisbatan ruhiy va xatti-harakatlarning buzilishi bilan bog‘liq
belgilar ko‘proq uchradi. Skrining so‘rovnoma natijalari orqali aniqlandiki
tekshirilayotgan bolalar orasida asab tizimi kasalliklarining yuqori darajada
tarqalishi kuzatilgan.
So‘rovnoma natijalariga ko`ra
bolalar orasida qon aylanish tizimi, nafas olish tizimi kasalliklari shovqin va quloq bilan
bog‘liq shikoyatlar bor ekanligini aniqlangan.
Bundan tashqari, raqamli
qurilmalardan tez-tez va ko‘p foydalanadigan o‘quvchilar
ovqat hazm qilish tizimidagi
muammolardan 1,1 baravar ko‘proq shikoyat qilgan.
Xususan, o‘quvchilarning 31,0
foizi tish og‘rig‘i va kariyesdan shikoyat qilgan, bu raqamli qurilmalardan kam
yoki umuman foydalanmaydigan o‘quvchilariga nisbatan 6,4 foizga ko‘pdir.
Raqamli qurilmalardan tez-tez va ko‘p foydalanadigan o‘quvchilarda,
raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydiganlarga nisbatan turli
kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan. Bu esa gadjetlar va
Internet tarmoqlari bolalar salomatligiga o‘zining salbiy ta’sirini
ko‘rsatishidan darak beradi.
Gadjetlardan foydalanishning salbiy
oqibatlari natijasida kelib chiqadigan kasalliklarning oldini olish uchun
ota-onalar va bolalar sog‘lom turmush tarzi va gadjetlardan xavfsiz foydalanish
bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar muntazam olib borilishi lozim.
Bir so‘z bilan aytganda kattalaru kichiklar gadjetlar va Internet
tarmoqlaridan haddan ortiq darajada ko‘p foydalanish inson salomatligiga ta’sir
qilmasdan qolmaydi. Shuning
uchun mobil qurilmalardan foydalanishda ma’lum me’yorga amal qilish foydadan
xoli bo‘lmaydi.
Sanepidqo`mita
Axborot
xizmati
@sanepidcommittee