Bolaligimizdan non azizligi, uni isrof qilmaslik uqtirib kelinadi. Xalqimiz dasturxonida aziz ne’mat – non alohida ulug‘lanadi. Hozirgi kunda turli xil non mahsulotlari do‘konlarimiz peshtoqidan joy olgan.
Ma’lumki, non tarkibida ko‘p miqdorda suv va boshqa moddalar borligi tufayli mikroorganizmlar ta’sirida ba’zi bir kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Nonda uchraydigan asosiy kasallik kartoshka kasalligi va mog‘orlanish hisoblanadi.
KARTOSHKA KASALLIGI
Bu kasallikni asosan kartoshka tayoqchalari bakteriyasi keltirib chiqaradi. Ushbu bakteriyaning tayoqchalari u yoki bu miqdorda havoda, unda va boshqa xom ashyolarda bo‘lishi mumkin. Non pishirilgan paytda bu bakteriyalarning sporalari o‘lmasdan qolsa, qulay sharoit yaratilgan paytda rivojlanib kasallikni vujudga keltiradi.
Kartoshka kasalligi bilan kasallangan nonlarning mag‘zida yopishqoq, shilimshiq suyuqlik paydo bo‘lib, nonga yoqimsiz ta’m va hid beradi.
Yuqori nordonlikka ega bo‘lgan nonlar, masalan, javdar nonlarida bu kasallik uchramaydi. Kartoshka kasalligi asosan bug‘doy nonlarida kuzatiladi. 35-40 darajadagi harorat bu kasallikni rivojlanishi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Shu sababli ham bu kasallik ko‘proq yoz paytida uchrab turadi. Bu kasallik bilan kasallangan nonlar iste’molga yaroqsiz hisoblanadi.
MOGʻORLANISH KASALLIGI
Bu kasallik ham nonlarda tez-tez uchrab turadi. Mog‘orlanishni keltirib chiqaruvchi bakteriyalarning kartoshka kasalligining ko‘zg‘atuvchilaridan farqi shuki, mog‘orlarning sporalari non pishirishda batamom o‘ladi. Ammo nonlarni saqlash jarayonida ularda paydo bo‘ladigan mikroorganizmlar ta’sirida vujudga keladi. Mog‘or bakteriyalari bilan kasallangan nonlarning yuza qismda har xil dog‘lar paydo bo‘ladi. Qobiqlari silliq bo‘lishi nonni ma’lum darajada mog‘orlanishdan saqlaydi. Non yuzasida yoriqlarning paydo bo‘lishi esa mog‘orlanish jarayonini tezlatadi. Nonning mog‘orlanishiga ta’sir qiladigan asosiy omil bu xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va sanitariya-gigiyena holati hisoblanadi. Non saqlanayotgan joylarda sanitariya holatini, tozalikni ta’minlash nonlarni mog‘orlanishdan saqlaydi.
Shu o‘rinda savdo do‘konlari xodimlari va bekalarimiz nonni saqlash paytida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish muhimligini eslatib o‘tamiz.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee