“Non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, tashish, sotish va ularni saqlashda sanitariya-gigiyena talablari” 0050-23-son sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (SanQvaN) O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlanib, Adliya vazirligi tomonidan hisobga olindi. (187-son, 25.07.2023 y.)
Ushbu sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari Kodeks Alimentarius Komissiyasining “Jarayon bo‘yicha qo‘llanma” (25-nashr, 2017 yil) va “Oziq-ovqat mahsulotlari gigiyenasi. Asos matnlar” (3-nashr, 2003 yil) asosida ishlab chiqilgan.
Hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilandi:
korxona hududidagi barcha o‘tish joylari va yo‘laklar changni tarqalishini oldini olish uchun qattiq qoplamali (asfaltlangan va boshqalar) bo‘lishi kerak;
ishlab chiqarish va korxona hududi kemiruvchilar, suvaraklar, it, mushuklar va boshqa jonzotlar kirishidan himoyalangan bo‘lishi kerak;
uskunalar va anjomlarning yuzasi silliq, tozalash, yuvish va dezinfeksiya qilish uchun qulay bo‘lishi lozim;
korxonaning ishlab chiqarish xonalari va sexlari texnologik jarayonlar oqimini, xom ashyo va tayyor mahsulotlarning qarshi va kesishgan oqimlarining oldini olgan holda joylashtirilishi kerak;
ishlab chiqarish ob’ektlari xonalarining devorlari va pollari yuvish va zararsizlantirish ishlarini olib borishga chidamli qoplama materiallar bilan qoplangan bo‘lishi kerak;
mahsulotlar bilan aloqada bo‘luvchi asbob-uskunalar va apparatlarning barcha qismlari oziq-ovqat sanoatida foydalanish uchun inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan materiallardan tayyorlanishi kerak.
Shuningdek, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalarida mahsulotlarni ishlab chiqarish vaqtida deratizatsiya va dezinseksiya jarayonlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
Ushbu hujjatda korxonalarning ishchi xodimlar shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilishlari, xususan:
ochiq yaralar, tirnalgan, kesilgan yoki boshqa teri jarohati bo‘lganda, jarohatni plastir bilan berkitishi;
ish joyida zargarlik buyumlari, soatlar va cho‘ntaklarda buyumlar bilan yurmasligi;
ish joyida maxsus himoya kiyimlari, bosh kiyim, poyabzal va baxilalar kiyishi lozimligi keltirilgan.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee