Yangiliklar

2025-01-24

OLIY MAJLIS SENATINING UCHINCHI YALPI MAJLISI BO'LIB O'TDI

topics-img

Majlisda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Shundan so‘ng “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun normalari aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonunda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan.

Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, davlat oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti

va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlash ham oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda.

Unga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi bir qator vakolatlar berilmoqda.

Shuningdek, qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, iste’molchilarning va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Mazkur qonun mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni yagona hujjatga unifikatsiya qilish va tizimlashtirish, ushbu sohadagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

@sanepidcommittee