Yangiliklar

2024-05-14

OSH TUZI OLAYOTGANINGIZDA UNING YODLANGANLIGIGA E’TIBOR BERING

topics-img

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash, tashish va sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan korxonalarda muntazam ravishda profilaktik tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

O‘rganishlar davomida osh tuzi ishlab chiqarish, tashish va sotish bilan shug‘illanuvchi korxonalarning yodlangan osh tuzi yoki kaliy yodat qo‘shish dozatorlari, yod miqdorini aniqlash nazorat labоratoriyalari, tuz ishlab chiqarilgan miqdoriga mos ravishda kaliy yodat xarid qilib olinganligi va sarflanganligi, sertifikatlari, birlamchi keltirilgan texnik tuz va boshqa kerakli hujjatlarning mavjudligi ko‘zdan kechirilmoqda.

– Tuzni qayta ishlab chiqarish, tashish va sotish bilan shug‘illanuvchi korxonalar kaliy yodat, ularni miqdorini aniqlovchi laboratoriyalar va yodlash uskunalari (dozator) bilan ta’minlanishi kerak, – deydi boshqarmaning ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi sanitariya vrachi Sodiq Sa’dullayev. – Yodlanmagan osh tuzlarini ishlab chiqarish va qadoqlash mumkin emas. Yodlanmagan va sifatsiz osh tuzidan foydalanish aholini (turli yoshdagi) salomatligida salbiy o‘zgarishlar yuzaga kelishiga va turli xildagi endokrin va boshqa kasalliklarni ko‘payishiga olib kelishi mumkun.

Tahlillarga ko‘ra, qalqonsimon bez kasalliklari, qandli diabet kasalliklar 2022- yilga nisbatan 2023- yilda oshgan. Organizmda yod tanqisligi endokrin kasalliklar, aqliy zaiflik, to‘g‘ma kasalliklar darajasini oshirishi, homila va chaqaloqlarda miyaning tiklanmas shikastlanishi, intellektual salohiyatning pasayishiga olib kelishi mumkin. Ularning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda “Aholi orasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unga ko‘ra davlat standartlari asosida, osh tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 75 gr. qo‘shiladi, aralashganda 40 gramm miqdorda bo‘lishi belgilangan.

– Ixtiyoriy tanlov asosida bozor va savdo do‘konlarida sotilayotgan, Samarqand viloyatida ishlab chiqarilayotgan 4 ta tuz ishlab chiqarish korxonalarida ishlab chiqarilgan tuzlarni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazidik. Laborotoriya natijalariga ko‘ra, “Kristall tuz” MCHJda ishlab chiqarilgan tuz na’munasi tarkibida yod miqdori belgilangan me’yordan ancha kamligi aniqlandi, – deydi boshqarmaning ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi sanitariya vrachi Sodiq Sa’dullayev. – Shuningdek, “Bek baraka omad nur”, “Bek baraka omad fayz” va “SamORZU” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga qarashli korxonalarda ishlab chiqarilgan osh tuzi mahsulotlari tarkibida yod moddasi umuman topilmagan. Ko‘rinib turibdiki, bunday osh tuzi mahsulotlarini iste’mol qilish inson organizmining yod moddasiga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmaydi.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee