Yangiliklar

2024-04-24

O‘TKIR RESPIRATORLI INFEKSIYALAR, GRIPP VA GEPATITLARNI TASHXISLASH, DAVOLASH VA OLDINI OLISHNING MURAKKAB VA HAL ETILMAGAN MASALALARI

topics-img

2024 yil 24-aprel kuni Toshkent shahridagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va “Yevro-Osiyo yuqumli kasalliklar jamiyati” Xalqaro jamoat tashkiloti tomonidan tashkillashtirilgan “O‘tkir respiratorli infeksiyalar, gripp va gepatitlarni tashxislash, davolash va oldini olishning murakkab va hal etilmagan masalalari” mavzusidagi xorijiy olimlar ishtirokidagi ikki kunlik xalqaro Markaziy Osiyo maktab-konferensiyasi o‘z ishini boshladi.

Konferensiyada 240 dan ortiq infeksionist vrachlar, epidemiologlar, mikrobiologlar va faoliyati yuqumli kasalliklarni oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab mutaxassislar ishtirok etdi.

Markaziy Osiyoda birinchi infeksionistlar maktabining o‘tkazilishi amaliy tibbiyot sohasi mutaxassislari o‘rtasida fikr va samarali tajriba almashishga  yordam beradi.

Konferensiyaning yalpi majlisida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va  jamoat salomatldigi qo‘mitasi raisi Bahodir Yusupaliyev, Yevro–Osiyo yuqumli kasalliklar jamiyati Prezidenti, Rossiya Tibbiyot Fanlari Akademiyasi akademigi Yuriy Lobzin, Toshkent tibbiyot Akademiyasi yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi professori, t.f.d professor Muboraxon Ahmedova va boshqa taklif etilgan mehmonlar so‘zga chiqdilar.

O‘tkazilgan ushbu yirik tadbirda ishtirokchilar o‘rtasida keng ko‘lamli vazifalar, sohaning eng dolzarb muammolari, yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama etildi.

 Anjuman seksiyalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. 1- seksiya O‘tkir respirator virusli infeksiyalar va gripp masalalari bo‘yicha ish olib bordi.Unda  D. A. Lioznov, A.S. Simbirsev, Ye.V. Esaulenko kabi taniqli olimlar o‘z ma’ruzalari bilan taqdimot qildilar.

2-seksiya o‘tkir ichak infeksiyalari bo‘yicha  ish olib bordi. Unda D.V. Usenko, G.N. Abuova, T.A. Rujensova kabi professorlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

3- seksiya virusli gepatitlar bo‘yicha ish olib bordi va  A.A. Ismailova, V.P. Chulanov kabi olimlarning taqdimotlari tinglandi.

Seksiyalar o‘z ishini tugatgach, ularning har birida davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyodagi birinchi yuqumli kasalliklar maktabi ishtirokchilari va moderatorlari  o‘z yo‘nalishlaridagi infeksion kasalliklarni tashxislash, davolash va oldini olishning murakkab va hal qilinmagan masalalarini muhokama qildilar.

Markaziy Osiyodagi birinchi infeksionistlar maktabini o‘tkazish shifokorlarning samarali ishlashi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha tajriba almashish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda muhim rol o‘ynaydi.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee