Yangiliklar

2024-05-06

O‘ZBEKISTONDA BAHORGI GEPATOLOGIYA MAKTABI

topics-img

Poytaxtimizda Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston gepatologlar uyushmasi tomonidan “O‘zbekistonda bahorgi gepatologiya maktabi” ilmiy-amaliy anjumani hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Respublikamizda infektologiya fanini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan professor Shabat Xodjayevich Xodjayevning 100 yillik xotirasiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasi xodimlari, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Tibbiyot akademiyasi, yuqumli kasalliklar klinikalari, poliklinika xizmati mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, professor, t.f.d. Erkin Musabayev va klinika bosh shifokori professor, t.f.d. Laziz Tuychiyev ochib berdi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Respublikamizda infektologiya fanini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan professor Shabat Xodjayevich hayoti va faoliyati yuzasidan Malika Xodjayeva so‘zga chiqdi.

Anjuman davomida Xodjayev Shabat Xodjayevichning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi.

Ilmiy-amaliy anjumanda Visola Raximovaning “Virusli gepatitlarni tashxislash va davolashning yangilagan protokollari”, Ravshan Raximovning “Pandemiyadan keyin gripp va O‘RVI: davolash va oldini olishni optimallashtirish” mavzularida ma’ruzalari tinglandi.

Tadbir davomida Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va pariiklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti professor Xodjayev Shabat Xodjayevich stipendiyasi – tibbiyot sohasining "Yuqumli kasalliklar" va "Virusologiya"  yo‘nalishlari bo‘yicha mukofoti uchun ilmiy ishlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.

"Yuqumli kasalliklar" yo‘nalishi bo‘yicha Ilxom Rajabov  va "Virusologiya" yo‘nalishi bo‘yicha Yevgeniya Kazakova tanlov g‘oliblari deb topildi.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee