Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlashdagi zamonaviy talablarga, JSTning sanitariya-fitosanitariya choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvi tamoyillariga hamda Alimentarius Kodeksi standartlariga javob bermaydi. Qolaversa, oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlashda qo‘llaniladigan xalqaro prinsiplar, standartlar va amaliyotlar aks ettirilmagan, vakolatli davlat organlarining vazifalari aniq belgilanmagan.
6 ta bob, 47 ta moddadan iborat ushbu qonun loyihasida davlat organlarining oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi sohasidagi vakolatlari aniq ko‘rsatilmoqda, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilanmoqda.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi sanitariya choralari, qoida va normalarni ishlab chiqish va qo‘llash tartibi JST bitimi talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda. Oziq-ovqat mahsuloti va ozuqaning xavfsizligiga qo‘yiladigan umumiy talablar, oziq-ovqat biznesi operatorlarining huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilyapti.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotining xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari tizimi asosida doimiy tartiblarni ishlab chiqish, joriy qilish va qo‘llashga qo‘yiladigan talablar o‘z aksini topmoqda.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee