Yangiliklar

2025-03-13

QIZAMIQ – O‘TKIR YUQUMLI KASALLIK

topics-img

Qizamiq - o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari, ko‘z shilliq pardalari, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi va terida qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi bilan xarakterlanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanib, bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda tupugining mayda tomchilari orqali xavoga tushadi, keyin nafas yo‘llari orqali sog‘lom bolaning organizmiga o‘tadi. Qizamiqqa odatda hamma kishilar beriluvchan bo‘ladi. Kasallikdan so‘ng immunitet qoladi. Kasallik 4-bosqichda kechadi. Yashirin davr 6-18 kun. Kasallik belgilari deyarli sezilmaydi. Prodromol davr inkubasion davrdan keyin 3-4 kun davom etadi. Kasallik o‘tkir boshlanib, gavda temperaturasi ko‘tariladi, bemor quruq yo‘taladi, tumov  bo‘ladi,  ko‘zi qizarib, yoshlanadi, tovushi bo‘g‘ilib qoladi,  yorug‘likka  qaray olmaydi. Bu davrda lunj shilliq pardasi atrofida qizil mayda oq dog‘lar paydo bo‘ladi.

       Ular toshma toshishdan 2-3 kun oldin paydo bo‘lib, toshma toshgandan keyin 1-2 kun yo‘qolib ketadi. Yumshoq va qattiq tanglayning shilliq pardasida Enantema mayda qizil dog‘lar paydo bo‘ladi. Bolaning darmoni qurib, injiq bo‘lib qoladi, uyqusi, ishtaxasi yo‘qoladi,tez-tez ichi ketadi. Katta yoshli bolalarda bosh og‘rig‘i, qusish, burun qonashi, qorin og‘rig‘i kuzatiladi. Toshma toshish davrida bemor qayta isitmalaydi, tomog‘i qizaradi. 4-6 kunga kelib o‘ziga xos qizil, yirik dog‘ toshmalar toshadi,  bir necha soatdan so‘ng butun yuzga yoyiladi. Toshma ikkinchi kuni badanga, 3 kuni qo‘l-oyoqa tarqaladi. Qizamiqda teri nam bo‘lib, bir oz qichishadi. 3-4 kundan so‘ng sog‘ayish davri davri boshlanadi. Yuzdagi toshmalar  qoraya boshlaydi va  jigar rang dog‘larga aylanadi. Zotiljam  (o‘pka yallig‘lanishi), tomoqning shishi, o‘rta quloqning yallig‘lanishi (otit), ichak kasalliklari kabi asoratlar qoladi. Kizamiq 2 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek boshqa yoshdagi nimjon bolalar uchun ayniqsa xavfli. Shu sababdan  ularni  qizamiqdan juda   ehtiyot   qilish kerak. 12-oylikdan boshlab qizamiq, qizilchaga qarshi emlash muhim ahamiyatga ega.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

@sanepidcommittee