Mamlakatimizda Milliy profilaktik emlash kalendariga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar, jumladan, qizamiqqa qarshi rejali emlashlar o‘tkazib kelinadi.
Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova bilan ushbu xastalik nimasi bilan xavfli ekanligi va kasallikka qarshi qo‘llaniladigan vaksinaning samaradorligi yuzasidan suhbatlashildi.
– Qizamiq qanday kasallik?
– Qizamiq – yuqori yuqumlilik darajasiga ega, og‘ir kechuvchi o‘tkir infeksion virusli kasallik bo‘lib, butun yer yuzida bolalarni o‘limiga sabab bo‘ladi. Qizamiqqa qarshi emlash amaliyotga kiritilgunga qadar, ya’ni o‘tgan asrning 60 yillarigacha har yili minglab bolalar qizamiq bilan kasallanib, asoratidan nobud bo‘lar edi. Butun dunyoda shuningdek, respublikamizda 1963 yildan boshlab qizamiqqa qarshi vaksinani sog‘liqni saqlash tizimida Milliy emlash kalendariga kiritilishi va bolalarni emlash qamrovi tufayli ularning sog‘lom voyaga yetishi, uzoq umr ko‘rishiga zamin yaratildi.
– Ayting-chi, qizamiq kasalligi qanday tarqaladi?
– Qizamiq kasalligi bemorning aksa urishi va yo‘talishi natijasida havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Qizamiq bilan og‘rigan bemorlar kasallik belgilari boshlanishigacha va undan so‘ng bir necha kun davomida boshqalarni zararlashi mumkin. Bu kasallik bolalar bog‘chalari, maktablar va tibbiyot muassasalarida oson tarqaladi. Virus tashqi muhit yoki havoda 2 soat davomida faol va zararli bo‘lib qoladi. Virus qizamiq bemoridan toshmalar toshishidan 4 kun oldin va toshma paydo bo‘lgandan so‘ng 4 kun davomida tarqalishi mumkin. Kasallik o‘ta yuqori yuqumlilik darajasiga ega bo‘lganligi sababli epidemiya ko‘rinishida emlanmagan aholi va bolalar o‘rtasida keng tarqalishi va asorati bolalar o‘rtasida o‘lim ko‘rsatkichiga olib keladi. Ayni kunda qo‘shni davlatlarda qizamiq kasalligini ro‘yxatga olinayotgani to‘g‘risida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 24 fevral kungi yig‘ilishida ma’lum qilindi. 2022 yilda 153 ta davlatda 155 ming holatda qizamiq ro‘yxatga olingan. Respublikaga ham chetga borib kelayotgan, qizamiqqa qarshi emlanmagan fuqarolar orasida kasallik ro‘yxatga olinishi xavfi ortib bormoqda. Buni uchun fuqarolardan imkon qadar kasallik ro‘yxatga olinayotgan davlatlarga borayotganda albatta qizamiqqa qarshi emlangani to‘g‘risidagi ma’lumotini poliklinikaga murojaat etib olishlarini tavsiya etamiz.
– Kasallik alomatlari qanday namoyon bo‘ladi? Shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Kasallikning birinchi belgisi virus yuqqanidan so‘ng 1-7 kun davomida quyidagi belgilar bilan kechadi:
• Burun bitishi, tumov;
• ko‘zni qizarishi (kon’yunktivit);
• og‘iz bo‘shlig‘ini shilliq qavatlarida oq mayda dog‘lar (Filatov-Koplik dog‘lari);
• holsizlik;
• yo‘tal;
• tana harorati ko‘tarilishini 3-4 kunida tana bo‘ylab tarqalgan toshmalar, avval yuz va bo‘yin sohasida toshma paydo bo‘ladi, 5-6 kuni toshma butun tanaga tepadan pastga tomon yuz, bo‘yin, keyin qo‘l va oyoqlarga tarqaladi.
Qizamiq ko‘pincha boshqa kasalliklar sabab immun tizimi sustlashgan, emlanmagan bolalarda uchraydi va kasallik og‘irroq kechishi mumkin.
– Bunday holatlarda qanday choralar ko‘rilishi lozim?
– Kasallik alomatlari kuzatilganda shifokorga erta murojaat qilish hamda uning tavsiyasiga ko‘ra, davo muolajalarini olish kerak.
– Kasallikdan keyingi asoratlar.
– Qizamiqqa qarshi emlanmagan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, ayniqsa chaqaloqlar o‘rtasida kasallanish asoratlarga olib kelish darajasi yuqoridir. Har 20 nafar bemorning birida zotiljam asorati kuzatiladi. Shuningdek, har 1000 nafar bemordan birida quyidagi asoratlar kuzatiladi:
– ensefalit;
– o‘rta quloqni yallig‘lanishi
– to‘liq ko‘rlik;
– o‘tkir diareya.
Qizamiq virusi keltirib chiqargan zotiljam yoki ikkilamchi bakterial infeksiya, qizamiq kasalligidan o‘lim holatiga olib keladigan asosiy asoratlarlar hisoblanadi.
– Suhbat so‘ngida qizamiq kasalligini qanday oldini olish mumkinligini aytib o‘tsangiz?
– Qizamiq kasalligining oldini olishda yagona chora kasallikka qarshi emlashdir. Milliy emlash kalendariga asosan, qizamiqqa qarshi bolalarni QPQ – qizamiq-parotit-qizilcha vaksina bilan rejali emlash 1 yoshda va 6 yoshda oilaviy poliklinikalar emlash xonasida xavfsiz emlash bo‘yicha kasbiy tayyorgarligi oshirilgan tibbiyot xodimi tomonidan o‘tkaziladi.
Shuningdek, o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida qizamiqqa qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan 3 mln. 300 ming nafar bolani epidko‘rsatmaga muvofiq QQ-qizamiq-qizilcha vaksina bilan ommaviy emlash qamrovi tadbirlari amalga oshirildi. Ayni kunlarda qizamiqqa qarshi har xil sabablarga ko‘ra emlanmagan (vaqtinchalik ko‘chib ketgan, tibbiy cheklov tufayli emlanmagan, chetdan ko‘chib kelgan) bolalarni yashash manzilidagi poliklinika emlash punktida qizamiq-qizilchaga qarshi emlash ishlari davom etayapti.
Vaksinatsiya yuqumli kasalliklarning oldini olishdagi yagona usuldir! Shu o‘rinda ota-onalarga yashash manzilidagi poliklinikaga murojaat etib, farzandlarini Milliy emlash jadvali asosida 1 yosh va 6 yoshda o‘z vaqtida qizamiqqa qarshi emlatishni tavsiya etamiz.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee