Yangiliklar

2025-03-19

QO‘ZIQORIN XARID QILGANDA SIFATINI KAFOLOTLOVCHI HUJJATNI SO‘RANG

topics-img

Yurtimizda kunlar isishi natijasida dalalarda, yaylovlarda, tog‘ yon bag‘rlari, ariq bo‘ylarida, keng yo‘llar yoqalarida qo‘ziqorinlarning o‘sib rivojlanishi kuzatiladi. Qo‘ziqorinlarning tabiatda 100 mingdan ortiq turi ma’lum bo‘lib, ular hayvonot va o‘simliklar dunyosining oralig‘ida bo‘lgan alohida guruh hisoblanadi.

O‘zbekiston zaminida qo‘ziqorinlarning 200 ga yaqin turlari o‘sishi aniqlangan, shundan 20 ga yaqin turlari iste’mol uchun yaroqli hisoblanadi. Halqimiz azaldan  qo‘ziqorinlarni iste’mol qilib kelgan.

Beqiyos diyorimizda bahor hamda kuz oylarida qo‘ziqorinlar o‘sa boshlashi, qo‘ziqorin iste’mol qilishni yoqtiradigan fuqarolar uchun qulay fursat hisoblanadi. Ko‘cha-ko‘ylarda, katta avtomagistral ko‘chalarida noma’lum shaxslar tomonidan  qo‘ziqorinlarni sotish holatlari kuzatiladi.

   Iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli qo‘ziqorinlarni bir-biridan ajratish juda murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga o‘xshab ketadi. Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlarga oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinion va opyonok kiradi. Zaharli qo‘ziqorinlarga: qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo‘ziqorin va boshqalar kiradi. Tuzlangan yoki marinovka qilingan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda ham zaharlanish ro‘y berishi mumkin.

Smorchok va strochok qo‘ziqorinlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanganda ham zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin. Tarkibida zaharli gelvelat kislota bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun smorchok va strochok qo‘ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlash kerak.

Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli og‘ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o‘sadigan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanish mumkin. Chunki mashinalardan chiqadigan is-gazlar va zaharli moddalarni qo‘ziqorinlar tarkibiga singdirib olishi mumkin, bunday holatlarda iste’molga yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanib qolish mumkin.

Odatda  qo‘ziqorinni iste’mol qilganda bir yoki bir necha shaxslar zaharlanadi. Qo‘ziqorindan zaharlangan vaqtda kasallik belgilari iste’mol qilingan qo‘ziqornning turiga qarab, turlicha  namoyon bo‘ladi. Masalan; qizil muxamor tarkibida muskaridin va muskarin alkaoidalari mavjud. Qizil muxamordan zaharlanganda kasallik belgilar 1-2 soat  o‘tgach namoyon bo‘ladi. Asab tizimi faoliyatida o‘zgarishlar, so‘lak oqishi, ko‘p terlash, ko‘zdan yosh oqishi kuzatiladi, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, alahsirash (galyusinasiya), titrash kuzatiladi, bemorlarda ayniqsa, ko‘z qorachig‘ining kengayishi (muskaridin)ning yoki ularning torayishi (muskarin)ning ta’siri natijasida kuzatiladi. Bemorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog‘ayib ketadi. O‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og‘irlashib,  o‘lim bilan yakun topishi ham mumkin. 

Bunday nohush holatlarni kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajrata olishi lozim. Bozorlar va savdo do‘konlaridan qo‘ziqorin xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qilish kerak bo‘ladi.

Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli og‘ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning  tevarak-atroflarida, ko‘cha-kuylarda aholi tomonidan sotilayotgan qo‘ziqorinlarni harid qilmaslik lozim.

Qo‘ziqorinlarni turg‘un savdo shahobchalaridan, belgilangan joylardan tegishli sifatini kafolotlovchi hujjatlari bor bo‘lgan taqdirda xarid qiling.                    

 

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee