Quturish kasalligi haqida ko‘p eshitganmiz. Kasallik asosan qaysi hayvonlar orqali yuqadi? Davosi qanday? Oldini olish usullari haqida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi Nazira Qarshiyeva bilan suhbatlashdik.
Quturish qanday kasallik va qaysi yo‘llar bilan yuqadi?
Quturish-barcha issiqqonli hayvonlarda va odamlarda uchraydigan bedavo o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Ushbu kasallik odamlarga asosan quturgan itlar va mushuklar, shuningdek yovvoyi hayvonlarning (bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki va boshqalar) tishlashi natijasida hayvonlarning so‘lagi orqali odamlarga yuqadi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi virus quturgan hayvonlar so‘lagida bo‘ladi.
Kasallik hayvonlardan hayvonlarga va hayvonlardan odamlarga yuqadi. Quturish odamdan odamga va odamlardan hayvonlarga yuqmaydi.
Quturgan it kasallik alomatlari ro‘yobga chiqishidan 10 kun oldin, ya’ni kasallik yashirin davrining oxirgi 10 kunida hamda kasallik boshlanganidan toki o‘lgunga qadar yuqumli hisoblanadi.
Hayvon tirnashi orqali ham quturish kasalligi yuqadimi?
Ha, yuqishi mumkin, hali aytganimdek infeksiya kasal hayvonning so‘lagi orqali yuqadi. So‘lak tirnalgan joyga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shilliq qavatga (ko‘z, og‘iz, ochiq yaralar) tushsa, kasallik yuqadi.
Tibbiyot jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda nahotki bu kasallikning davosi topilmagan?
Bugungi kungacha quturish kasalligining davolash usullari ishlab chiqilmagan. Quturish kasalligi juda og‘ir kechib, 100 foiz o‘lim bilan tugaydi. Quturish kasalligida qiynoqli va dahshatli o‘lim qayd etiladi.
Bu kasallikda boshqa yuqumli kasalliklarda kuzatilmaydigan suvdan qo‘rqish, havodan qo‘rqish kabi kasallik alomatlari kuzatiladi va bemor juda qiynalib vafot etadi.
O‘tmishda bu kasallikka “suvdan qo‘rqish”, ya’ni gidrofobiya deb nom berilgan. Haqiqatdan ham quturish bilan hayvon kasallanadimi yoki odam kasallanadimi yakuni aniq-dahshatli o‘lim. Kasallikning klinik belgilari mavjud bo‘lganda quturishga qarshi immunoglobulindan foydalanish samarasiz.
Quturish kasalligini oldini olish uchun hayvonlarni saqlash qoidalari ham bormi?
Quturish kasalligining oldini olish bilan nafaqat veterinariya va tibbiyot sohalari hodimlari, balki barchamiz shug‘ullanishimiz kerak va shart.
Quturish kasalligining oldini olishda, hayvonlarni, ayniqsa itlarni saqlash qoidalariga rioya qilish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ming afsus bilan ta’kidlash joizki, aksariyat fuqarolarimiz it saqlash qoidalariga rioya qilishmaydi, itlarni o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib, quturish kasalligiga qarshi emlatishmaydi.
Itlar tishlashidan jabr tortayotganlarning 70-80 foizidan ko‘prog‘i aynan egali itlarga to‘g‘ri kelayotganligi ham fuqarolarimizning it saqlash qoidalariga rioya qilmayotganliklaridan dalolat beradi.
Ba’zi fuqarolar uylaridagi iti kasal bo‘lsa yoki uni boqa olmasa, yoki bo‘lmasa biror bir kishini tishlasa, ularni ko‘chaga haydashadi yoki yashab turgan joyidan uzoqroq joyga adashtirib kelishadi. Shundan keyin bu itlar qarovsiz, daydi itlarga aylanib qoladi. Bu daydi itlar esa quturish kasalligining asosiy manbai sifatida atrofdagilarga juda katta xavf tug‘diradi.
Itlar aksariyat xonadonlarda bog‘liqsiz yurishadi, ularning egalari bir aylanib kelsin deb tunda ko‘chaga ham chiqarib yuborishadi.
Xayvonlardan jaroxatlanganlarni 45-50 foizdan ortig‘i bolalarga va o‘smirlarga to‘g‘ri keladi. Ota-onalar bolalarni itlar bilan, ayniqsa ko‘chadagi daydi, qarovsiz itlar bilan o‘ynashlariga, ularni uyga olib kelishlariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.
Ko‘chadagi qarovsiz, daydi itlar odamlar uchun quturish kasalligining asosiy manbai ekanligini unutmasligimiz kerak!
Bu bedavo quturish kasalligidan saqlanish uchun nimalar qilish kerak?
Javob oddiy, faqat har bir fuqaro quturish kasalligini oldini olish bo‘yicha quyidagi “Oltin qoidalar” ga amal qilishi kerak:
• it saqlash qoidalariga muntazam amal qilish;
• itlarni hududiy veterinariya xizmati bo‘limlarida o‘z vaqtida hisobga qo‘yib, quturishga qarshi emlatish
• egasiz, daydi itlarni paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;
• imkoni boricha it va boshqa hayvonlar tishlashidan saqlanish choralarini ko‘rish, bordi-yu biror bir hayvon tishlasa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat etish va mutaxassis vrachning tavsiyasiga ko‘ra quturish kasalligiga qarshi emlatish kerak.
Emlashni kechiktirmay boshlash kerak. Vaksina 5 marta qilinadi.
Yuqoridagi tavsiyalarga amal qilingan taqdirdagina biz dahshatli, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblangan quturishdan o‘zimizni asragan bo‘lamiz.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee