Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va “Rospotrebnadzor” o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligida Rossiya Federatsiyasining Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari — bosh davlat sanitariya vrachi Anna Popova boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.
Anna Popova ikki davlat o‘rtasida aholining sanitariya-epidemilogik osoyishtaligini ta’minlash, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni oldini olish borasida hozirda 5 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilayotgani, kelgusida ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish sohani takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv davomida “Rospotrebnadzor” tomonidan III avlod indikator va monitoring mobil laboratoriyasi taqdim etildi. Ushbu zamonaviy laboratoriya bakterial va virusli o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi tezkor choralar ko‘rish, epidemiologik tekshiruvni amalga oshirish, jumladan, biologik material yoki bevosita infeksiya o‘chog‘idagi atrof-muhit ob’yektlarining o‘ziga xos ko‘rsatkichlarini yig‘ish hamda namunalar olishga mo‘ljallangan.
Laboratoriyadan favqulodda vaziyatlarda yuqumli kasalliklarning tabiiy o‘choqlariga kirib borib, epidemiologik va epizootologik monitoring o‘tkazishda foydalanish mumkin. Unda diagnostik tadqiqotlar PZR, Immunoferment tahlili (IFA), Immunoxromatografik tahlil (IXA), fluorestik antitanalar usuli (MFA) yordamida amalga oshiriladi.
Zamonaviy avtolaboratoriya biologik xavfsizlikni ta’minlash vositalari, xususan, havo to‘lqinini nazorat qiluvchi tizim, III avlod mikrobiologik xavfsizlik va PZR bokslari, shaxsiy himoya vositalarini yechish uchun izolyasiya qilingan xona, masofadan turib boshqariluvchi ultrabinafsha dezinfeksiya tizimi, materialning laboratoriyaga kiritilishi uchun shlyuz-kamerasi bilan jihozlangan.
Tomonlar mazkur mobil laboratoriyada faoliyat ko‘rsatadigan, sanitariya-epidemiologiya sohasidagi favqulodda vaziyatlarda tezkor ishga kirisha oladigan mutaxassislarni yaqin kelajakda o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha ham kelishib oldi.
Uchrashuvda tomonlar mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilikni oldini olish dasturini amalga oshirish, OIV infeksiyasiga qarshi kurashish, bu borada laboratoriya tahlillari bilan bog‘liq masalalarni birgalikda o‘rganish kabi qator masalalar yuzasidan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashdi
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee