Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
tomonidan sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, kosmetologiya xizmatlari,
jumladan tatu va boshqa xizmatlar amaldagi 0305-12, 0306-12-son
“Sanitarno-epidemiologicheskie trebovaniya k ustroystvu, oborudovaniyu i
soderjaniyu parikmaxerskix” sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik
normativlariga muvofiqligini baholash mezonlarini aniqlash bo‘yicha savolnoma
asosida tekshiriladi.
Aholiga xizmat ko‘rsatadigan
sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari, kosmetologiya xizmatlari, jumladan
tatu va boshqa xizmatlar ishchi-xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishlari
kerak. Bundan tashqari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun instrumentlar,
sochiq, salfetka va choyshablar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan bo‘lishi
lozim.
0305-12-son sanitariya qoida va
me’yorlarida belgilangan talablariga asosan manikyur, pedikyur va kosmetik
kabinetlarda har bir ish joyida mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun uch
komplekt instrumentlar bilan ta’minlangan bo‘lishi darkor.
Sartaroshlik va kosmetologiya
xizmatlari (manikyur, pedikyur, qosh terish va boshqa kosmetologiya xizmatlari)
jihozlari mijozlarga xizmat ko‘rsatishdan oldin zararsizlantirilib,
sterilizatsiyalangan bo‘lishi kerak.
Har bir mijozga toza oqlik
(sochiq, salfetka, choyshab) ishlatilishi va ishlatilgandan keyin oqliklar
yuvilishi muhim hisoblanadi.
Gepatit, OIV-infeksiya,
tuberkulyoz va boshqa yuqumli hamda parazitar kasalliklarning yuqishining
oldini olish maqsadida har bir mijozdan keyin ishlatilgan instrumentlar
zararsizlantiruvchi eritma solingan idishga solinib, 15 daqiqa davomida
zararsizlantirishi, so‘ngra toza suvda yuvilib, sterilizatsiya qilinishi muhim
sanitariya-epidemiologik ahamiyatga ega.
Toza instrumentlar maxsus metall
qutilarda, usti yopiq holatda saqlanishi kerak.
Ish uchun maxsus kiyim bosh kiyishi, mijozga xizmat ko‘rsatishdan oldin
va keyin qo‘llarini sovun bilan yuvishi, kosmetologiya xonasida qo‘l terisi
uchun antiseptik ishlatishi, soch bo‘yashda rezinali qo‘lqoplardan
foydalanishga amal qilishi kerak.
Pedikyur jarayonida mijoz oyog‘i
tagiga qo‘yiladigan yostiqcha, klyonnka bilan qoplangan bo‘lishi, har bir
mijozdan keyin zararsizlantiruvchi eritma bilan artilishi, oyoqlar uchun pedikyur
vannasi har bir mijozdan keyin yuvuvchi vositalar va dezinfektantlar bilan
zararsizlantirilishi shart.
Sartaroshxona xodimlari tarkibida
70 foizli spirt, yodning 5 foizli spirtli eritmasi, leykoplastir, bog‘lov
materiallari bor bo‘lgan aptechka bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
Sartaroshxona va kosmetologiya xizmatlari jarayonida hosil bo‘ladigan
chiqindilar zich yopiladigan maxsus idishga yig‘iladi hamda ish kuni yakunida
bir martalik polietilen qoplarga solinib, og‘zi mahkam qilib bog‘lanib, o‘rnatilgan
tartibda utilizatsiya qilinadi. Ishlatilgan qoplar qayta ishlatilmaydi.
Yana bir muhim jihatga to‘xtaladigan bo‘lsak, sartaroshxona xodimlari
ishga kirishdan oldin va vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, sanminimum
kursini o‘qigan bo‘lishi shart.
Sartaroshxona xodimlarini
sanminimum kursida o‘qishidan maqsad, zimmasidagi ish jarayonida har bir
mijozning sog‘ligiga zarar yetkazmaslik, agarda bu kabi holat yuzaga kelganda
ham sanitariya-epidemiologik jihatdan uning oqibatlari, nimalarga olib kelishi
mumkinligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishda muhim ahamiyatga ega.
Unutmang! Sartaroshxonalar va
go‘zallik salonlari, kosmetologiya xizmatlarini amalga oshiruvchi ishchi-xodim
ish jarayonidagi ehtiyotsizlik natijasida mijozga gepatit, OIV-infeksiya,
tuberkulyoz va boshqa yuqumli hamda parazitar kasalliklarni yuqtirganlik uchun
qonun doirasida javobgarlikga tortiladi.
Har bir inson o‘z salomatligini himoya qilish uchun
sartaroshxona, kosmetologiya xizmatlaridan foydalangan vaqtda instrumentlarning
toza va zararsizlantirilganligini talab qilishga haqli!
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee